To‘qayev Erdo‘g‘anga hamdardlik bildirdi
Olam
−
14:02
940Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anga hamdardlik telegrammasini yo‘lladi. Bu haqda Oqorda matbuot xizmati xabar berdi.
To‘qayev Bolu viloyatida joylashgan Kartalkaya tog‘-chang‘i markazida yuz bergan yong‘in oqibatida ko‘plab qurbonlar va jarohatlanganlar haqida xabarni chuqur qayg‘u bilan qabul qilgan. Prezident Qozog‘iston xalqi va shaxsan o‘zi nomidan Erdo‘g‘anga, halok bo‘lganlarning oila a’zolari va butun qardosh turk xalqiga chuqur hamdardlik bildirdi, shuningdek, barcha jarohatlanganlarning tezroq sog‘ayib ketishini tiladi.
Ma’lumot uchun, kecha, 21 yanvarga o‘tar kechasi Turkiyaning Bolu viloyati Kartalkaya tog‘ kurortidagi mehmonxonada yong‘in yuz bergan va oqibatda kamida 6 kishi halok bo‘ldi, 31 kishi yaralandi. Keyinroq halok bo‘lganlar soni 66 kishiga, jarohatlanganlar esa 51 kishiga yetgandi. Hodisa yuzasidan tergov boshlangan va 4 kishi, jumladan, mehmonxona egasi ham qo‘lga olingan. Bugun, 22 yanvar kuni halok bo‘lganlar soni 76 kishiga, hodisa ortidan hibsga olinganlar 9 kishiga yetdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, vafot etgan va jarohat olganlar orasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari mavjud emas.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yong‘in oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani va jiddiy jarohat olgani munosabati bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anga hamdardlik yo‘llagandi.
LiveBarchasi