Nega Chusovitinadan bayroqdorlik olib qo‘yildi? Oybek Qosimov javob berdi

Sport

Tokio-2020 Olimpiadasida Oksana Chusovitinadan O‘zbekiston bayroqdori bo‘lish vazifasi tortib olingani ko‘plab munozalarga sabab bo‘ldi.

Bugun, 19 avgust kuni Tokio shahrida o‘tkazilgan XXXII yozgi Olimpiada yakunlari va sarhisobiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida Milliy Olimpiya qo‘mitasi kotibi Oybek Qosimov bayroqdorlik masalasi atrofidagi munozara yuzasidan fikr bildirdi.

“Avvalambor, Chusovitinaga bayroqdor bo‘lish taklifini shaxsan o‘zim berganman. Sababi, Rio Olimpiadasidagi ishtirokidan so‘ng u bilan qilgan ko‘p suhbatlarimizda keyingi Olimpiadaga chiqsa, paradga chiqishni xohlashini aytgandi. Shunda men hazil aralash bayroqdor bo‘ling, degandim.

Olimpiada arafasida qilgan suhbatimizda esa: “Katta ehtimol bilan oxirgi Olimpiadam bo‘lsa kerak, shu sabab ochilish marosimiga chiqishni niyat qilganman”, dedi. O‘sha paytda biz unga bayroqdor bo‘lish taklifini berdik, u bundan xursand bo‘lib, taklifni qabul qildi. Haqiqatdan, biz yosh sportchilarga o‘rnak bo‘lishi uchun Oksanaga Bobousmon Boturovni sherik qilib tayinlagan edik", deydi Oybek Qosimov.

MOQ mas’ulining so‘zlariga ko‘ra, musobaqa qur’asi tashlangach, dastlab tayinlangan bayroqdorlar bahsi dastlabki kunlarga to‘g‘ri kelgan. Natijada ularning o‘rniga boshqa sportchilarni tayinlash zarurati paydo bo‘lgan.

Keyinchalik, musobaqa qur’asiga ko‘ra, Bobousmonning ham, Oksananing ham bahslari ochilish marosimining ertasiga to‘g‘ri kelishi ma’lum bo‘ldi. Chusovitinaning o‘zi bilan gaplashganimizda, u shunchaki qatnashib ketishni emas, balki so‘nggi Olimpiadasini medal bilan yakunlashni xohlashini, shu sababli tayyorgarlik va mashg‘ulot jarayonlariga katta e’tibor berayotganini aytib o‘tdi.

Keyin ko‘plab OAV vakillari, federatsiyadagilar hamda sportchining o‘zi bilan gaplashib, musobaqa taqvimidan kelib chiqqan holda turnirning dastlabki 2-3 kunida bahslarga kirishadigan sportchilarni paradga chiqarmasak, degan taklifni ilgari surdik. Birinchidan, ochilish marosimi kamida 3-4 soat davom etar edi, ikkinchidan, o‘sha kuni havo juda issiq edi, tabiiyki bu sportchining charchab, kuchdan qolishiga sabab bo‘lar edi.

Shu tariqa, murabbiylar shtabi hamda federatsiya vakillari bilan kelishuvdan so‘ng yakunda bayroqdor bo‘ladigan sportchilarni o‘zgartirish taklifi kiritildi”, degan Qosimov.

Eslatib o‘tamiz, Olimpiadada O‘zbekiston delegatsiyasiga Oksana Chusovitina va Bobousmon Boturov o‘rniga Bahodir Jalolov va Nigora Tursunqulova juftligi bayroqdor bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Oksana Chusovitina Oybek Qosimov

Baholaganlar

264

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing