Nazarboyevning kuyovi 28,8 mln dollar jarimaga tortildi
Olam
−
05 avgust
5827Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning kuyoviga tegishli Caspian Oil kompaniyasi 28,8 million dollar (13,7 milliard tenge) miqdorda jarima to‘ladi. Bu haqda “Oil Capital” xabar berdi.
Sobiq prezidentning kuyovi Timur Kuliboyev kompaniyaning yakuniy benefitsiari hisoblanadi. Aniqlanishicha, Caspian Oil kompaniyasi 2021-2022 yillar davomida konni burg‘ilash va ishlatish tufayli hosil bo‘lgan 4,5 ming tonnadan ortiq xavfli chiqindilarni saqlashga ruxsat olmagan. Oqibatda Kuliboyevga tegishli ushbu kompaniya Qozog‘iston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 328-moddasi (atrof-muhitga yo‘l qo‘yiladigan antropogen ta’sir me’yorlarini buzish) bo‘yicha javobgarlikka tortilib, 13,7 milliard tenge miqdorida jarima to‘lagan. Olingan mablag‘ Qozog‘iston Milliy jamg‘armasiga yuborilgan.
Qozog‘iston fond birjasi ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya aksiyalarining 100 foizi “Joint Resources” AJga tegishli bo‘lib, uning aksiyadori Nazarboyevning kuyovi hisoblanadi. Kuliboyev Nazarboyevning o‘rtancha qizi Dinara Kuliboyevaning turmush o‘rtog‘i.
Nazarboyevlar oilasini Qozog‘istondan bosqichma-bosqich “siqib chiqarish” 2022 yil boshidan beri davom etmoqda. Bu yoqilg‘i quyish shoxobchalarida benzin narxi oshishi sababli mamlakatda norozilik namoyishlari yuzaga kelganidan keyin boshlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning qizi Dinara Kuliboyeva va uning turmush o‘rtog‘i Timur Kuliboyev yana eng boy qozog‘istonliklar ro‘yxatida birinchi o‘rinni egallagani xabar qilingandi.