Nazarboyevning “elboshi” maqomi bekor qilindi

Olam

image

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev “Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi to‘g‘risida”gi qonunchilik normasi o‘z kuchini yo‘qotganligi haqidagi qonunni imzoladi. Qonun mamlakatning birinchi rahbari Nursulton Nazarboyevning maqomi va vakolatlariga taalluqlidir. Bu haqda bugun, 15 fevral kuni Qozog‘iston Prezidenti Matbuot xizmati xabar berdi.

“Davlat rahbari Qozog‘iston Respublikasining “Qozog‘iston Respublikasining birinchi prezidenti – Elboshi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonunini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunni imzoladi”, deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Ta’kidlash joizki, joriy yilning 13 yanvar kuni Qozog‘iston parlamenti deputatlari palatalarning qo‘shma majlisida qonunni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish uchun ovoz bergan edi. Ular hozirgi vaqtda birinchi prezidentning maqomi va vakolatlarini alohida konstitutsiyaviy qonun darajasida tartibga solishning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari mavjud emasligini aytgandi.

Shuningdek, o‘tgan yilning 5 iyunida Qozog‘istonda Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tgan hamda mamlakatning Birinchi Prezidenti Nazarboyevning maqomi va vakolatlari haqidagi modda, shuningdek, unga ketma-ket ikki martadan ortiq davlat rahbari lavozimiga saylanishiga imkon beruvchi modda bekor qilingandi. Bundan tashqari, Nazarboyevning millat yetakchisi maqomining o‘zgarmasligi to‘g‘risidagi norma ham Konstitutsiyadan chiqarib tashlangandi.

Qozog‘iston Konstitutsiyaviy sudi ham joriy yilning 10 yanvarida “Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi to‘g‘risida”gi qonunni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida qaror chiqargan.

Elboshi maqomi Nazarboyevga nima berardi?

“Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi to‘g‘risida”gi qonun Nazarboyevning, shuningdek, uning oila a’zolarining maqomi va imtiyozlarini tartibga solardi. Nazarboyev xalqqa murojaat qilish, parlament va hukumat yig‘ilishlarida nutq so‘zlash huquqiga ega edi. Bu qonunga ko‘ra, Birinchi Prezident daxlsizlik huquqiga ega edi. Uni hibsga olish mumkin emas edi. Daxlsizlik Nazarboyevga, uning oila a’zolariga va ularga tegishli bo‘lgan barcha mulklarga taalluqli edi.

Birinchi Prezident to‘g‘risidagi qonun bekor qilingandan so‘ng Nazarboyevning vakolatlari Konstitutsiya va Qozog‘iston Prezidenti to‘g‘risidagi qonun bilan tartibga solinadi. Bu yerda mamlakatning sobiq rahbarlariga tegishli alohida boblar mavjud. Shu bilan birga, birinchi prezidentning qarindoshlari uchun ham imtiyozlar bekor qilinadi.

Ma’lumot uchun, 13 yanvar kuni Qozog‘iston parlamentida bo‘lib o‘tgan palatalarning qo‘shma majlisida deputatlar  ham “Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi to‘g‘risida”gi qonunni bekor qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Nazarboyevning “faxriy senator” maqomi ham bekor qilingan edi.

Alibek Beyjanov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Nazarboev elboshi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing