Putin Nazarboyev bilan uchrashdi (video)
Olam
−
28 dekabr 5775 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kecha, 27 dekabr kuni Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
Rossiya rahbari Qozog‘istonning sobiq prezidentini Kreml saroyida qabul qilgan. Suhbat tafsilotlari oshkor etilmagan.
Putin va Nazarboyevning Moskvadagi so‘nggi uchrashuvi joriy yilning may oyida bo‘lib o‘tgan. Undan avval Qozog‘istonning sobiq yetakchisi Rossiyaga 2024 yilning dekabr oyida Prezident bilan uchrashish uchun tashrif buyurgan edi.
2019 yil 19 mart kuni Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston prezidenti vakolatlarini muddatidan oldin to‘xtatishini e’lon qilgan. U bu lavozimni 1991 yildan buyon egallab kelgan. Davlat rahbari vazifalari Senat raisi Qosim-Jo‘mart To‘qayevga o‘tgan. To‘qayev rasman 2019 yil 12 iyun kuni Prezident lavozimiga kirishgan.
2022 yilning yanvar oyida mamlakatda ommaviy norozilik namoyishlari fonida To‘qayev Nazarboyevni Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan chetlatgan va o‘sha oyda “Nur Otan” partiyasiga rahbarlikni ham o‘z qo‘liga olgan. Shu yilning sentyabr oyida Prezident poytaxt nomini yana Ostona deb o‘zgartirish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan.
2022 yil yozida o‘tkazilgan referendum natijasida Qozog‘iston Konstitutsiyasidan birinchi prezidentning alohida maqomini belgilovchi normalar chiqarib tashlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Proyekt” surishtiruv nashri Rossiya Federal qo‘riqlash xizmati Moskvadagi Chumchuq tepaliklarida joylashgan hashamatli dachalarni yuqori martabali siyosiy arboblar va hukumat bilan bog‘liq biznesmenlarga ijaraga berayotgani haqida xabar chop etgandi. Uylardan biri Nazarboyevga tegishli. U Michurinsk prospektida joylashgani aniqlangan.
Live
Barchasi