Nazarboyevning jiyani 1,6 mlrd dollarlik aktivlarni davlatga qaytarib berdi
3-sahifa
−
13 avgust
2884Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning jiyani Qayrat Satibaldi ikki yil ichida davlatga 32,8 milliard tenge yoki 1,6 milliard dollardan ortiq noqonuniy sotib olingan aktivlarni qaytarib berdi. Bu haqda Qozog‘iston Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, qaytarilgan aktivlar qatoriga ma’muriy binolar, eksklyuziv zargarlik buyumlari, hashamatli uylar, kvartiralar va avtomobillar, kompaniyalardagi aksiyalar va ulushlar, temiryo‘llar, shuningdek, pul mablag‘lari kiritilgan. Ularning 661,5 million dollari Qozog‘istonga chet eldan, xususan, Avstriya, Lixtenshteyn, BAA va Turkiyadan qaytarilgan.
Qozog‘istonda qiymati 158 mlrd tenge (taxminan 330 mln dollar) dan ortiq bo‘lgan 115 ta ob’ekt, shu jumladan 13 ta uy, 10 ta bino, 13 ta yer uchastkasi, to‘rtta kvartira, uchta inshoot, ikkita madrasa binosi, ikkita to‘xtash joyi, 25 ta xona, bitta qurilishi tugallanmagan ob’ekt, shuningdek, 29 ta avtomobil, beshta maxsus texnika davlat mulkiga o‘tkazilgan.
Qaytarilgan mulkning bir qismi Satibaldining yaqin qarindoshlari, filiallari va nazorati ostidagi kompaniyalari nomiga rasmiylashtirilgan. Ko‘chmas mulk borasidagi o‘rganishlar hali ham davom etayotgani bildirilgan.
Ma’lumot uchun, Qayrat Satibaldi Qozog‘istonning birinchi prezidentining avtohalokatda halok bo‘lgan ukasi Satibaldi Nazarboyevning o‘g‘li hisoblanadi. U otasining ismini familiyasi sifatida tanlagan. Qayrat “Skyline Investment Company S.A” kompaniyasi orqali Qozog‘iston telekommunikatsiya xizmatlari bozoridagi monopoliyaning deyarli to‘rtdan bir qismiga egalik qilgan. U yillar davomida Milliy xavfsizlik qo‘mitasida ishlagan, siyosat va biznesda faol ishtirok etgan, Qozog‘istonning eng boy odamlaridan biri bo‘lgan.
2022 yil 13 mart kuni tadbirkor korrupsiyaga qarshi kurash xizmati tomonidan mansab vakolatini suiiste’mol qilish va “Kazaktelekom” pul mablag‘larini o‘ta yirik miqdorda o‘g‘irlashda gumonlanib, hibsga olingan edi. Ertasi kuni kompaniyaning kapital ofisida tintuvlar o‘tkazilgan, bir oy o‘tgach esa tadbirkor nazorati ostidagi firmalar “Kazaktelekom” ning 28,8 foiz ulushini davlat tasarrufiga qaytargan.
2022 yil 26 sentyabrda sud Qayrat Satibaldini “Kazaktelekom” AK va “Transport servis markazi” aksiyadorlik jamiyatidagi o‘g‘irlik ishi bo‘yicha olti yilga ozodlikdan mahrum qilgan. Tadbirkorga nisbatan jinoiy daromadlarni legallashtirish va bojxona to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlash ayblari ham tekshirilgan. U o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lib, davlatga yetkazilgan zararni qoplashga va’da bergan.
Qayrat Satibaldi hozirda jazoni o‘rtacha tartibli axloq tuzatish muassasasida o‘tamoqda. O‘tgan yilning dekabr oyida u shartli ravishda ozod qilish uchun ariza bergan, ammo sud arizani “mahkumning xatti-harakati shubhali” deya tushuntirish berib, rad etgan.
LiveBarchasi