Nazarboyevni Xavfsizlik Kengashidan ketishga kim majbur qildi?

Olam

image

Qozog‘istonda namoyishlar avj olishi fonida Xavfsizlik Kengashi raisligi Birinchi Prezident – Elboshi Nursulton Nazarboyevdan amaldagi davlat rahbari Qosim-Jomart To‘qayevga o‘tdi. Xavfsizlik Kengashi boshqaruvi Nazarboyevdan tortib olinmagan yoki uni iste’fo berishga majbur qilinmagan. Aksincha, Nazarboyev o‘z xohishiga ko‘ra boshqaruvni To‘qayevga ishonib topshirgan. Bu haqda sobiq Prezidentning Matbuot kotibi Aydos Ukibay ma’lum qilmoqda. 

“Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda Birinchi Prezident haqida ko‘plab yolg‘on mish-mishlar,  rovokatsion yozishmalar tarqalmoqda. Hozirgi sharoitda biz bunday faoliyatni siyosiy vaziyatni beqarorlashtirish va davlatning konstitutsiyaviy asoslariga putur yetkazishga urinish sifatida baholaymiz.  

Avval aytganimdek, Elboshi shu kunlarda Nur-Sultonda bo‘lib, davlat rahbarini qo‘llab-quvvatladi. Biroq, vaziyat juda og‘ir edi va shuning uchun Elboshining o‘zi Xavfsizlik Kengashi raisi lavozimini Prezidentga topshirishga qaror qildi, chunki u tartibsizliklar va terror mamlakat rahbariyatidan tezkor, qat’iy va murosasiz javob berishni talab qilishini yaxshi bilardi. 

Elboshi va Davlat rahbari hamisha “barrikadalarning bir tomonida” bo‘lib, o‘z xalqi, mamlakati va millat kelajagini himoya qilib kelgan. Va barchamiz uchun og‘ir kunlarda ular yana bir bor monolit davlat hokimiyatini namoyish etdilar”, deb yozadi Ukibay.

Eslatib o‘tamiz, namoyishlar avj olgan pallalarda – 5 yanvar kuni Xavfsizlik Kengashi boshqaruvi Nazarboyevdan To‘qayev qo‘liga o‘tdi. Bu orada esa Olma-otada Nazarboyevning sobiq qarorgohiga o‘t qo‘yildi. Taldiqo‘rg‘onda haykali qo‘porib tashlandi. Namoyishlarga chiqqanlar “Chol ket” deya baqirdi. Ayni vaziyatda Nazarboyevning qayerdaligi mavhum edi. U va oilasi ko‘rinish bermadi, matbuot ular haqida miq etmadi. Mamlakatga KXSHT kuchlari kirgach, Nazarboyevning Nur-Sultonda ekani oydinlashdi va u yana OAV orqali chiqish qila boshladi. 


Maqola muallifi

Teglar

Nursulton Nazarboev Qosim-Jomart To'qaev Qozog'istondagi vaziyat

Baholaganlar

1343

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing