Nazarboyev tug‘ilgan kunini nishonlash uchun Bodrumga uchib ketdi

Olam

image

Qozog‘istonning sobiq Prezidenti Nursulton Nazarboyevga tegishli samolyot uning tug‘ilgan kuni arafasida Turkiyaga uchdi. Bu haqda “zonakz” nashri o‘z manbalariga asoslanib xabar bermoqda. 

Qayd etilishicha, kecha, 3 iyul kuni KazTAGning vaziyatdan xabardor manbasi Nazarboyev foydalanayotgan Qozog‘istonning “Berkut” davlat aviakompaniyasining Airbus A320 Neo samolyoti Turkiyaga uchganini aytgan. Manba Qozog‘istonning sobiq Prezidenti tug‘ilgan kunini uyda emas, Turkiyaning Bodrum shahrida nishonlashini istisno etmaydi. 

Eslatib o‘tamiz, 6 iyul kuni Nazarboyev 82 yoshni qarshilaydi. Qozog‘istonda bu kun mamlakatda davlat bayrami bo‘lgan va avvallari alohida miqyosda nishonlanadigan Poytaxt kuniga to‘g‘ri keladi. Biroq, 2022 yil 6 iyul holatiga ko‘ra, odatdagidan farqli o‘laroq, keng ko‘lamli tadbirlar e’lon qilinmagan. 

Shu bilan birga, jamiyatda 6 iyulni davlat darajasida nishonlashni bekor qilish talablari ko‘payib bormoqda – ko‘pchilik qozog‘istonliklar “Poytaxt kuni”ni rasmiy bayram deb hisoblaydilar, lekin aslida bu kun Nazarboyevning tavalludiga bag‘ishlanadi. Shuningdek, 1 dekabr kuni nishonlanadigan hamda davlat bayrami sanalgan Birinchi Prezident kunini nishonlashni bekor qilish bo‘yicha murojaatlar ham ortgan. 30 iyun kuni Qozog‘iston Xalq partiyasi parlamenti deputati Yorlan Smaylov ushbu mavzuni sharhlar ekan, poytaxt nomini Nur-Sultondan Ostonaga o‘zgartirish va Nazarboyev sharafiga bayramlarni bekor qilish masalasini fuqarolik jamiyatining o‘zi ko‘tarishi kerakligini aytdi.

Joriy yilning 5 iyun kuni Qozog‘iston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tdi. Unda Qozog‘iston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritishni ovoz beruvchilarning 77,18 foizi yoki 6,1 million kishi qo‘llab-quvvatladi. Saylovchilarning 18,66 foizi yoki 1 million 490 ming 470 nafari Konstitutsiyani o‘zgartishga qarshi ovoz bergan. MSK ma’lumotlariga ko‘ra, referendumda aholining 68,05 foizi (8 millionga yaqin fuqaro) qatnashgan. Qozog‘istonda jami 11,73 million fuqaro ovoz berish huquqiga ega.

Ma’lumot uchun, Qozog‘iston Konstitutsiyasi matnining uchdan bir qismiga tegishli bo‘lgan jami 33 ta o‘zgartirish ovozga qo‘yildi. Asosiy o‘zgartirishlardan biri Konstitutsiyadan respublikaning birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevga bag‘ishlangan moddaning chiqarib tashlanishidir. Tuzatishlar qabul qilinganligi sababli, u o‘zining ko‘pgina shaxsiy imtiyozlari va Elboshi (millat yetakchisi) maqomini yo‘qotadi, endi uning huquqiy pozitsiyasi sobiq Prezidentlar to‘g‘risidagi amaldagi qoida bilan tartibga solinadi. Nazarboyevning o‘zi Konstitutsiyadan uning nomini olib tashlashni qo‘llab-quvvatlagan.

O‘zgartirishlarda, shuningdek Qozog‘istonning bir Prezidenti ketma-ket ikki martadan ko‘p saylanishi mumkin emasligi, shu bilan birga u o‘z vakolati muddati davomida partiyadan chiqishi kerakligi ham nazarda tutilgan. Bundan tashqari, uning yaqin qarindoshlariga davlat xizmatchisi lavozimlarini egallash taqiqlanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Nursulton Nazarboev

Baholaganlar

125

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing