Nazarboyev noqonuniy boylik orttirgan bo‘lsa hammasini davlatga qaytaradi – Bosh prokuratura
Olam
−
30 iyun 2023
9167“Noqonuniy yo‘l bilan orttirilgan aktivlarni davlatga qaytarish to‘g‘risida”gi qonun Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning atrofidagilarga ham tegishli bo‘ladi. Bu haqda mamlakat Bosh prokurori o‘rinbosari Ulan Bayjanovga tayanib “Kaztag.kz” xabar berdi.
“Qonunda sub’ektlar uchun mezonlar aniq belgilab qo‘yilgan. Agar siz aytgan familiya (Nazarboyevlar) bo‘lsa, bu oila a’zolari ushbu mezonlarga to‘g‘ri keladi, albatta, bu qonun ularga nisbatan qo‘llaniladi”, degan Bayjanov kecha, 29 iyun kuni bo‘lib o‘tgan Senat majlisida.
Undan, shuningdek, ustidan sud qarori chiqarilganlar orasida Nazarboyevning qarindoshlari va oligarxlari bor-yo‘qligi so‘ralgan.
“Bizda Qayrat Satibaldi (Nursulton Nazarboyevning jiyani – tahr.)ga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, bu ishlar doirasida Qayrat Boranboyevga (Darig‘a Nazarboyevaning sobiq qudasi, sobiq prezidentning qizi – tahr.) qarshi ish yakunlangan. Bu ishlar doirasida ko‘plab mol-mulk qaytarilgan”, degan Bosh prokuror o‘rinbosari.
Bayjanov aktivlarni qaytarishda Panama hujjatlari ham, boshqa manbalardan olingan ma’lumotlar ham hisobga olinishiga ishontirgan.
Kecha, 29 iyun kuni Senat “Noqonuniy yo‘l bilan olingan aktivlarni davlatga qaytarish to‘g‘risida”gi va “Qozog‘iston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga noqonuniy yo‘l bilan olingan mulkni davlatga qaytarish bo‘yicha o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlarni ma’qullagan edi.
Bundan biroz avval, 20 iyun kuni parlament va Senatning qo‘shma majlisida “Prokuratura to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunga o‘zgartirishlar kiritilib, mamlakatdan olib qo‘yilgan aktivlarni qaytarish mexanizmi tasdiqlandi.
Eslatib o‘tamiz, 29 iyun kuni bo‘lib o‘tgan Senat majlisida senatorlar mamlakatning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevni uning nomidagi maktablar, universitetlar va jamg‘armalar Oliy kengashi rahbari maqomidan mahrum etish to‘g‘risidagi qonunni ikkinchi o‘qishda ma’qulladi. Qonunga ko‘ra, “Nazarboyev universiteti”, “Nazarboyev intellektual maktablari” va “Nazarboyev jamg‘armasi” to‘g‘risidagi qonunga qisman o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.
Shuningdek, bugun, 30 iyun kuni Qizilo‘rda shahar sudi katta miqdordagi mablag‘larni o‘zlashtirishda respublika birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning jiyani sobiq rafiqasi Gulmira Satibaldini ayblab, uni sakkiz yilga ozodlikdan mahrum qildi.
LiveBarchasi