Nazarbekovdan tarbiyaviy soat. Domlaning aytganini qil, qilganini qilma

Madaniyat-san’at

2019 yil voqealari suratlarda north_east

2019 yil voqealari suratlarda

Qorboboga xat: Bizga propiska, monopollarga insof olib kel  north_east

Qorboboga xat: Bizga propiska, monopollarga insof olib kel

Joriy yilning 14 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi va Senat Kengashining “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Qo‘shma qarori qabul qilindi. Qaror 2020 yilning 1 yanvaridan kuchga kiradi

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov to‘ylarni qisqartirish, ortiqcha dabdabalardan asrash keng muhokama qilinayotgani, bu borada o‘z takliflarini berayotgani, ota-bobolardan qolgan qadriyatlarni saqlab qolish va kelajak avlodga to‘la-to‘kis yetkazishga oid nasihatomuz ma’ruza bilan chiqdi. U shunday deydi: 

“Mana, respublikamizda qariyb bir yildirki, to‘y marosimlarini ixchamlashtirish, umuman, uni ortiqcha dabdabalardan asrash masalasi jamoatchilik oldida keng muhokama qilinyapti. Yig‘ilishlarda va ko‘p muhokamalarda ishtirok etyapmiz, o‘z takliflarimizni bildiryapmiz. Ko‘p millatli respublika bo‘lganimiz uchun har bir millatning o‘zini aynan o‘ziga xos bo‘lgan milliy vadriyatlari va qolaversa, bizning respublikamizda barcha o‘zbek millatiga taalluqli, lekin  ayrim boshqa-boshqa hududlarda o‘ziga xos an’ana, udumlari, qadriyatlari mavjud. Biz berayotgan takliflar ko‘proq mana shu to‘yni o‘zi milliy qadriyat bo‘lgani uchun buning qadriyatini saqlab qolish ma’nosida, ya’ni ota-bobolarimizdan bizgacha yetib kelayotgan insonlarni ma’naviyatga yetaklovchi, umuman, bir mazmun-mohiyatiga ega bo‘lgan to‘y bilan bog‘liq qadriyatlarni saqlab qolish va ularni asrab, kelajak avlodga to‘la-to‘kisligicha, ya’ni aynimagan holda, buzilmagan holda yetkazish masalasini ko‘proq biz taklif bergan bo‘lar edik. Shu paytgacha ham mana shu takliflarimiz bilan chiqdik. Ya’ni bu sir emas, hammamiz yaxshi bilamiz bu azal-azaldan bizning millatimizni o‘ziga xos bo‘lgan qadriyatlari. 

Bugungi kunda to‘yning ko‘rinishida milliychilik qoldimi, degan savol qiynaydi odamni. Milliy qadriyat o‘laroq, lekin birorta uning ichida qadriyati, uning ichida ma’naviyati, uning ichida deylik, eski insonlarni tarbiyaga chorlovchi udumlar, urf-odatlar asta-sekin yo‘qolib boryapti. Mana shuning uchun biz ko‘proq taklif bergan bo‘lardik, o‘sha millatimizning yuzi bo‘lmish, uning qadimiy qadriyatlarini, ayniqsa, to‘ylar bilan bog‘liq, juda qiziq o‘sha kelin salomlarimiz deymizmi, umuman o‘sha ilgari to‘ylarda xalq sayliga aylangan to‘ylarimiz, qanaqadir, u yerda ma’rifat kechalari, she’riyat kechalari, umuman shunga o‘xshagan bir... o‘sha... to‘yda yig‘ilgan odamlarda o‘sha bir madaniy chiqishlar, yoshi katta onalarimiz, doiralar chalib yor-yorlar, alyorlar aytishlari, bular hammasi oxirgi yillarda, hattoki, eng chekka hududdagi qishloqlarda ham kamayib borayotgani ko‘zga tashlanib turibdi. Va bugungi dabdabali to‘ylarimizda ko‘proq o‘zi kimga taqlid qilyapmiz yoki umuman ko‘proq... bizning millatimizga xos bo‘lyaptimi mana shu to‘ylarni jarayoni umuman qanaqa o‘tib boryapti, bugun aynan tashqaridan nazar solgan odam bu o‘zbek to‘yi deb ayta oladimi bu to‘ylarni, yo‘qmi? Umuman mana shu masalalarda biz o‘z fikrlarimizni, takliflarimizni bildirganmiz. 

Mustahkam hayot qurishlarida juda ham chiroyli, o‘ziga xos udumlarimiz bor, urf-odatlarimiz bor. Mana shularni saqlab, kelajak avlodga yetkazish bizning oldimizda turgan eng muhim vazifalardan biri deb bilamiz”, deydi Ozodbek Nazarbekov o‘z ma’ruzasida.

O‘zbekiston xalq artisti, Madaniyat vaziri o‘rinbosari, dabdabali to‘ylarga tashrif buyuruvchi xonandalar ro‘yxatining “S” klassidan o‘rin olgan Ozodbek Nazarbekovdan bunday tarbiyaviy soatni, nasihatlarni eshitib bir necha haqli savollar tug‘iladi. 

•    Siz milliy deb atayotgan to‘y qanday bo‘ladi? Aniq ko‘rsatma, bugungi til bilan aytganda, ssenariysi bormi? 

•    Qaysi millat yoki mamlakat to‘ylarini o‘rnak va namuna sifatida ko‘rsata olasiz? 

•    Ma’ruzada kelin salom haqida so‘z borgan. Biroq, “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorda bu marosimni o‘tkazishga taqiq qo‘yilgan. 

•    Endi dabdabali to‘yga kelsak. Sizningcha, qaysi to‘y dabdabali-ku qaysisi o‘rtaxolga ajraladi? Buni ham ishlab chiqilgan tartib-taomillari, nazorat komissiyasi bormi? 

•    Nazarbekov bir vaqtlar o‘tgan to‘ylar sayillarga aylanganini xotirlaydi. Xolbuki, vohadagi to‘ylar hamon keng adirlarda, sayldek o‘tkaziladi. Unga hech kim taklif qilinmaydi, odamlar to‘y daragini eshitib, o‘zi kelaveradi. To‘y egasi esa yo ko‘pkariga bosh-qosh bo‘ladi yo Toshkentdan falon million so‘mga san’atkor olib kelib, konsert qo‘ydiradi. Ana sizga sayil. Nazarbekov so‘zida qaysi sayilni nazarda tutyapti? Boz ustiga qarorda to‘yga taklif qilinadigan mehmonlar soni ham cheklangan bo‘lsa? U ma’ruzasida kelin salom va xalq sayliga aylanadigan to‘ylar haqida gap ochganidan qarorni sinchiklab o‘qib chiqmagan ko‘rinadi. 

•    Endi hofizning shaxsiyatiga to‘xtalsak. Xalqda domlanining aytganini qil, qilganini qilma, degan juda topib aytilgan naql bor. Nazarbekov o‘zi aytganidek to‘y qilib, xalqqa o‘rnak bo‘lganmidi? U bunday ma’ruza qilishga haqlimi?

Umuman, umuman, umuman... Nazarbekovning umumanlarga to‘la nasihatlaridan qanday ma’no chiqarishga boshimiz qotdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Ozodbek Nazarbekov

Baholaganlar

496

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing