Qorboboga xat: Bizga propiska, monopollarga insof olib kel

Tahlil

image

Hurmatli Qorbobo!

O‘ylab qarasam, senga hech xat yozmagan ekanman. Ammo bu safar yozaman. Maydalashib mashina, issiq kiyim-bosh, o‘yinchoqlar so‘rab o‘tirmayman. Zotan men so‘raydigan narsalarni hal etsang, qolganlari shundoq ham bo‘laveradi. 

Xullas o‘tgan yil kelib-ketganingdan beri men yashaydigan mamlakat qonunlarida ko‘plab o‘zgarishlar bo‘ldi. Har bir chiqarilayotgan qaror va farmon, qabul qilingan qonunlar orasida uzoq kutilgani ham bor, kutilmaganlari ham. O‘tgan yili kelganingda so‘rashga yuzxotir qilgandik. Bu yil qonunlar, tartib-taomillar bo‘yicha sendan so‘raydiganlarimiz ko‘p va xo‘p. Ha aytgancha, bularni yana o‘ziga so‘rayapti deb o‘ylama. Men azaldan monopoliyaga tish-tirnog‘i bilan qarshi bolalardan bo‘lganman. 

Propiska 

Qorbobojon! Sen propiska nimaligini bilmasang ham kerak. Tushuntirib o‘tsam. Propiska degani bu eski davrning hal qilinmay qolgan muammolaridan biri. Balki eng dolzarbi ham deyish mumkin. Dastlab Harakatlar strategiyasi doirasida 2018 yil 22 yanvar kuni PF-5308-sonli Prezident farmoni bilan 2018 yilgi davlat dasturida bu mavzuga to‘xtab o‘tilgan edi. 

Unda “Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun asossiz spekulyatsiyaning oldini olish choralarini ko‘rgan holda ikkilamchi bozordan ko‘chmas mulk sotib olishga bo‘lgan cheklovlarni bekor qilish” degan jumlalar mavjud edi. Aynan shu band hali-xanuz amalga kiritilmagan, tartibi ishlab chiqilmagan. To‘g‘ri, propiska bo‘yicha ko‘plab o‘zgarishlar bo‘ldi. Masalan, xodimni ishga qabul qilishda bu talab olib tashlandi. Buning ortidan ish beruvchi ham jabr ko‘rmaydigan bo‘ldi. Vaqtincha yoki doimiy propiskasiz bo‘lsa ham uyiga ijarachi qo‘ygan shaxslarga javobgarlik olib tashlandi. Biroq, eng asosiy jihat hozirgacha o‘zgarishsiz qolmoqda.

Soddaroq qilib tushuntira qolay senga. Aytaylik, qorqiz va sen viloyatliksiz. Toshkentdan uy olmoqchisiz. Biroq bunga sizda huquq yo‘q. Aslida, huquqingiz yo‘q ham deb bo‘lmaydi. Faqat bu huquqning narxi ancha qimmat. Ya’ni Toshkentdan viloyatliklarning uy xarid qilish huquqi faqat “novostroyka”larga tegishli. Aynan qonun bilan ikkilamchi bozordan ko‘chmas mulk oldi-sotdisi faqatgina Toshkent shahri propiskasiga ega fuqarolarga amal qiladi. Bu senga fuqarolarni tabaqalanishdek tuyulayotgan bo‘lsa kerak...

Konstitutsiyaning 28-moddasida ham keltirib o‘tilganidek, “O‘zbekiston Respublikasi Fuqarosi Respublika hududida bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish, O‘zbekiston Respublikasiga kelish va undan chiqib ketish huquqiga ega”. Ammo bu qoida sen va qorqizga tegishli emas, menimcha. Chunki sizlarda propiska yo‘qku.

Hokimlarning kengash raisligidan olinishi

Sen hassangni yerga bir urish bilan archaning chiroqlarini yoqa olasan, shundaymi? Men senga aytsam, hassang ham, archa ham bizning hokimlarning bir do‘q urishi bilan butun boshli mahallani buzdirib yuborishi oldida hech narsa emas. Xolbuki, “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” davlat dasturining 28-bandida hokimlarning eng “katta vakolatlar”ining biridan ayrilishi ko‘zda tutilgan edi. Unga ko‘ra, hokimlar xalq deputatlari kengashi raisi maqomini bekor qilinishi bo‘yicha loyiha qabul qilinishi belgilangan.  

Ushbu masala yuzasidan chora-tadbirlar amalga oshirish bo‘yicha 2019 yil 2 martgacha muddat qo‘yilgan. Biroq, bu Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlarining 2019 yil 3 apreldagi qo‘shma qarori bilan chora-tadbirlar dasturi qabul qilish bilan tugadi. Bu yil ko‘pchilik tomonidan kutilayotgan tartiblardan yana biri aynan shu. Iltimos, shu tartibni tezroq amalga kiritib ber! Ba’zi hokimbuvalar “o‘zim xon, ko‘lankam maydon” bo‘lib ketdi-da. Axir, demokratiya bo‘yicha bu mumkin emas-ku.

Iste’mol savatchasi

Sen borgan ko‘p yurtlarda “iste’mol savatchasi” bor. Biz haliyam sovet davridan qolgan tartib eng kam oylik ish haqi bo‘yicha yuribmiz. 2018 yil davlat dasturining 139-bandida “iste’mol savatchasi” tushunchasi ishlatildi. Dasturda ilg‘or xorijiy tajriba asosida aholining munosib hayot kechirishi uchun zarur bo‘lgan daromadlarni aniqlash bo‘yicha “iste’mol savatchasi”ga oid munosabatlarni huquqiy tartibga solish, nazarda tutilgan edi. Muddat 2018 yil 1 iyuliga qadar belgilangandi. 

Joriy yil 27 iyul kuni (oradan bir yildan ko‘proq vaqt o‘tib) iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xo‘jayev “iste’mol savatchasi” va “tirikchilik uchun zarur eng kam miqdor”ni amaliyotga joriy etish uchun tashkiliy masalalarni amalga oshirish lozim ekanligini aytgandi. O‘shanda u ham ko‘zimga qorbobodek ko‘rindi. Nega desang, bizda hozirgacha bu tartib, bunday gapning o‘zi bo‘lmagan. Sendan shuni ham Yangi yilga qo‘shib olib kelishingni so‘raymiz. 

Pasport o‘rniga ID-karta

Bilishimcha, pasporting yo‘q. Sen biror mamlakatga borish uchun viza ham olib o‘tirmaysan. Senga aytsam, 2018 yilgi davlat Dasturining 27-bandiga binoan fuqarolarning xorijga chiqish tartib-taomillarini soddalashtirish belgilandi. Loyihada xorijga chiqish tartib-taomillarini soddalashtirish, O‘zbekiston hududida shaxsni tasdiqlovchi hujjat sifatida ID – identifikatsiya kartasini bosqichma-bosqich joriy etish masalasi nazarda tutildi. 

Qorbobo, bularning yurtida faqat kamchilikmi deb o‘ylama! Bizda xorijga chiqish pasporti joriy etildi. Ushbu qizil rangli xujjatni olish avvalgidek yugur-yugurni talab qilmaydi. Buni yo‘lga qo‘yilgani ko‘p yengilliklar berdi. Biroq, dasturning bandi to‘liq ijroga qaratilmadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 18 apreldagi “Innovatsion loyihalarni amalga oshirish va idoraviy axborot tizimlari jadal integratsiyalashuvining tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan respublikada ID kartalardan foydalanish tizimi joriy etilib, uning dastlabki sinovi Toshkent shahrida o‘tkazilishi belgilab qo‘yilgan edi. Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 20 maydagi qaroriga muvofiq O‘zbekistonda Germaniyaning “Veridos GmbH” kompaniyasi (investor) tomonidan ID-kartalarni ishlab chiqish tizimini yo‘lga qo‘yish tartibi joriy etilgan. Amalda esa hali ishlar qilinmagan. Kel, shu kelayotgan yili ortiqcha yugur-yugurlar, byurokratiyalarsiz bizga ID kartani osongina berib qo‘yaqol! 

Lobbizm to‘g‘risidagi qonun 

Qorbobojon! Sen juda ko‘p mamlakatlarda bo‘lasan. Katta mamlakatlarning muammolari ham, pullari ham katta. Aslida shu korrupsiya balosi o‘sha taraflardan bizga kelgan bo‘lsa ham yo‘qotolmay halakmiz. O‘zingga ma’lum, korrupsiya va lobbizm yaxlit bir tizimdagi bir-biridan ajratib bo‘lmas tushunchalar. Bizda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Biroq hozirgacha lobbizm masalasida qonunchilik jim. Bu masalada ilk marta Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy markazi direktori Akmal Saidov OAV oldidagi chiqishida tilga oldi. 

Korrupsiya va lobbizm xalqning oyog‘iga bolta uruvchi illatlardan biridir. Shu sababli, xalqning befarq bo‘lmagan har qanday vakili bu bo‘yicha qonunchilikda aks ettirilishini kutishi, tabiiy hol. Shuning uchun ham bizga qonunchilikda puxta mexanizmlar bilan ishlangan shunday bitta qonunni sovg‘a qil. Zora, lobbistlarning “sho‘riga sho‘rva to‘kilsa”. 

Ta’lim to‘g‘risidagi qonun yangi tahriri

2018 yilgi davlat Dasturining 172-bandiga binoan “Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining yangi tahrirdagi loyihasini 2018 yilning 1 iyuliga qadar ishlab chiqish belgilangan. Muhokamaga qo‘yilgan sana 29 avgust kuni bo‘lgan. 

Yangilanish talabini zamonnning o‘zi qo‘ymoqda. Qaysidir davlat ta’limga yuqori texnologiyalar jalb qilish tarafdori bo‘lsa, boshqa davlat kadrlar bo‘yicha eksperimentlar o‘tkazmoqda. Dunyo miqyosida masofadan, ya’ni online tarzida o‘quv jarayonlari tashkil etilgan. Sen keladigan o‘sha shimoliy yurtlarda, masalan Skandinaviya, Yevropa davlatlarida bu tizim juda ilgarilab ketgan deb eshitganmiz. Bizda-chi?

Aytsam ishonmaysan. Bizda hali-xanuz 1997 yil 29 avgust kuni qabul qilingan qonun amal qilib kelmoqda. Kelayotgan yilda ushbu qonun ham qabul qilinishiga ko‘mak berib yubor. Bolalar va yoshlar sendan juda xursand bo‘lishadi.  

Monopoliya, Havo yo‘llar, Uzavtosanoat

Bilaman, bu mavzular juda ham siyqasi chiqib ketgan. Bularni yo‘qotish seni ham qo‘lingdan kelmas balki, lekin chiqmagan jondan umid. Prezidentimiz 2018 yil 28 dekabr kuni Oliy Majlisga murojaatnomasida “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi qayta tashkil etilib, parvozlarni amalga oshirish, aeroportlarni boshqarish va aeronavigatsiya xizmatlari bir-biridan ajratilishi haqida aytgandi. Biz bu tashkilotning bozordagi hukmronligiga chek qo‘yilib, ko‘plab loukosterlar kirib kelishiga umid qilyapmiz. 

Xuddi shu holat “O‘zavtosanoat” bo‘yicha ham. Mashina haqida so‘ramayman degandim-ku, lekin bozorda tanlov bo‘lgani yaxshi-da

Umuman, shu monopollik qilayotgan tashkilotlarga ham qonun bormikin? Ularning sonini sanasam bisyor. 

Jurnalistlarga nisbatan tajovuz uchun javobgarlik kuchaytirilishi

Qulog‘ingga yetib borgandir, bu yil O‘zbekistonda jurnalistlarning obro‘si juda-a oshib ketdi.

O‘zi asli jurnalist kasbi xavf-xatarga to‘la. “Shes sekund”da nimalar bo‘lib ketmaydi deysan. Ko‘plab rivojlangan davlatlar singari bu kasb egalari alohida qonuniy muhofazaga olinishi bugungi kun talabi.
   
Davlatimiz rahbari Konstitutsiyaning 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishda OAV haqida alohida gapirib, ko‘nglimizni tog‘dek ko‘tardi.  

“Bugungi kunda xalqimiz orasida yurib, uni qiynayotgan ijtimoiy muammolarni ko‘rsatib berayotgan eng katta kuch – bu mustaqil va xolis ommaviy axborot vositalari vakillaridir.

O‘zbekistonda jamoatchilik nazorati va ommaviy axborot vositalari vakillarining qonuniy haq-huquqlariga hech qanday shaklda tazyiq o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi, dedi Prezident.

Endi bu jihat javobgarlik nazarda tutuvchi kodekslarda ham aks etsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi. 

Prokuror qarori ustidan sudga shikoyat qilish

Qorbobo-qorbobo, soqollari bor bobo! Bizda-chi, uzoq vaqtlardan beri prokuror qarori ustidan faqatgina yuqori turuvchi prokurorga arz qilish tartibi amal qilib keldi. Bu tartib korrupsiyaga qarshi kurashni amalga oshiruvchi tashkilotning o‘zi korrupsiyaga botishi uchun asosiy omil sifatida baholanmaydimi? Mana masalan, Qorqizning ustidan senga shikoyat qilishsa, sen nima qilasan? 

Prokuror qarori ustidan sudga shikoyat qilish tartibi amalga kiritilishi Prezidentimiz tomonidan aytib o‘tildi. Bu jarayonning amalga kiritishi ko‘plab yuristlar, haqsizlikka uchrayotgan shaxslar tomonidan uzoq vaqtlardan beri kutib kelinayotgai ham bor gap. Kelayotgan yilda tezroq bu tartibni kuchga kirishini ko‘pchilik kutmoqda. Bu tartibni amalga kiritishga yordam bersang, qing‘irlik bilan ishlab ko‘kragini kerib yurgan ayrim prokurorlarga zarba bo‘lardi.
 
Qorbobojon, bilaman sendan biron narsa so‘rash uchun she’r aytish kerak. Men senga marhuma shoiramiz Halima Xudoyberdiyevaning she’rini o‘qib bermoqchiman.

Ko‘rdim qishloq, go‘zal shaharlar ko‘rdim,
Ohorlari ketib borar, bilmaslar.
Jamalaksoch pari-paykarlar ko‘rdim,
Bahorlari ketib borar, bilmaslar.

Tugmak bo‘lsa yetmas belbog‘ uchlari,
Dunyo molin mahkam tishlar tishlari –
Bog‘larining shirinzabon qushlari –
Olqorlari ketib borar, bilmaslar.

Otlari-ya, qorabayir otlari
Gijinglaydi, deb o‘ylasam, dodladi.
Yoli bo‘ron bo‘lganligin yodladi –
Shunqorlari ketib borar, bilmaslar.

Kuzatib bu dunyoning o‘r-qirini,
Bilmay qoldim kelmak, ketmak sirini.
Yolg‘on yorlar yalashib bir-birini,
Chin yorlari ketib borar, bilmaslar.

Charsillagan bir o‘t yonar ichimda,
Men she’r aytsam, aytmadim til uchinda.
Bu taloto‘p, quv-quv, chop-chop ichinda,
Halima ham o‘tib borar, bilmaslar…


Maqola muallifi

Teglar

Propiska Pasport Monopoliya Jurnalist Prokuror Havo yo'llar Uzavtosanoat Lobbizm ID-karta

Baholaganlar

164

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing