Bilakdagi $50 ming: Xalq xizmatchisining hashamati qayerdan?
Tahlil
−
21 aprel 8606 5 daqiqa
O‘zbekistonda jamoatchilik hech tinch o‘tirmaydi. Har kunga muhokama qilishga mavzu topiladi. Kechagina san’atkorlarning soliq to‘lashi bilan bog‘liq mojaroli muhokamalardan qutulgan o‘zbekistonliklar bugun Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasining raisi Sherzod Qudbiyevning 50 ming AQSH dollariga baholanayotgan soatini muhokama qilmoqda. Xo‘sh, oylikka kun ko‘radigan davlat xizmatchisining bilagiga bunday qimmatbaho soat qanday kelib qoldi? Umuman, bu soatning haqiqiy bahosi qancha? Bugun shu haqda gaplashamiz.
Bir necha kundirki, ijtimoiy tarmoq tinmayapti. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 14 aprel kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida qimmatbaho soat taqib olgan deb Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasining raisi Sherzod Qudbiyev tarmoqda sazoyi qilinyapti. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan suratlarga ko‘ra, Sherzod Qudbiyev Breguet Marine Chronographe 5527 rusumli soatni taqib olgan. Biroq, o‘rganishlarimiz natijasida shu ma’lum bo‘ldiki, Qudbiyev ushbu soatni Prezident tomonidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida taqmagan. U yig‘ilishda umuman bilagida soat bilan ishtirok etmagan. U ushbu soatni Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan Qurilish sohasi tadbirkorlari, loyihachilar va kadastr muhandislari ishtirokidagi ochiq muloqotda taqib, ko‘rinish bergan.
Breguet Marine Chronographe 5527 modeli ilk bor 2018 yilda (Baselworld ko‘rgazmasida) taqdim etilgan. O‘sha paytdagi rasmiy chakana narxlar (Retail Price) korpus materialiga qarab belgilangan.
Masalan, 2018 yildagi Titan versiyasi ilk sotuv narxlari taxminan 22 600 AQSH dollari bo‘lgan. Bu material "Marine" kolleksiyasi uchun yangilik bo‘lib, yengilligi va chidamliligi bilan yuqori baholangan.
Oltin korpusli modellarining boshlang‘ich narxi ancha baland bo‘lib, taxminan 33 800 AQSH dollarini tashkil etgan. Ammo bu 2018 yildagi narx. Breguet kabi top-brendlar har yili o‘z mahsulotlari narxini 3–7 foizga oshirib boradi. Bugungi kunda xuddi shu modelning yangisini butikdan sotib olmoqchi bo‘lsangiz, narxlar 2018 yilga nisbatan 15–20% ga qimmatroq (titan uchun ~$25 000, oltin uchun ~$40 000) ekanini ko‘rishimiz mumkin.
Breguet Marine Chronographe 5527 kabi yuqori toifadagi soatlarni sotib olish jarayoni oddiy buyumlarni xarid qilishdan biroz farq qiladi. Bu brend "Patek Philippe" yoki "Rolex"ning ba’zi modellari kabi yillab navbat kutishni talab qilmasa-da, o‘z tartib-qoidalariga ega.
O‘zbekistonda Breguet’ning rasmiy monobrendli butigi mavjud emas. Eng yaqin rasmiy butiklar Dubay (Dubai Mall), Istanbul, Moskva yoki Yevropa shaharlarida joylashgan.
5527 modeli odatda vitrinada tayyor turadi. Agar siz istagan kombinatsiya (masalan, oq oltin korpus va ko‘k rezina kamar) mavjud bo‘lmasa, butik siz uchun buyurtma beradi. Buyurtma kutish muddati odatda 2 haftadan 2 oygacha davom etishi mumkin.
Sizning nomingizga rasmiy xalqaro kafolat rasmiylashtiriladi va brendning VIP mijozlari ro‘yxatiga kirasiz.
Soat narxi $20,000 dan baland bo‘lgani uchun, uni chet eldan olib kelayotganda O‘zbekiston bojxona qonunchiligiga asosan deklaratsiya qilish va boj to‘lovlarini amalga oshirish lozimligini unutmaslik kerak. Xo‘sh, Qudbiyev boj to‘laganmikin?
Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokama Qudbiyev qo‘lidagi soatning qiymati va uni sotib olish uchun kerak bo‘ladigan daromad manbai haqida bormoqda. Soatning muhokamasi uning yig‘ilishda ko‘rinish berganidan keyin boshlandi. Blogerlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari soatni lyuks model (taxminlarga ko‘ra, Constantin Overseas yoki Breguet Marine) sifatida taxmin qilib, uning narxini 50 ming dollarga baholadi. Shuningdek, keng jamoatchilik amaldorlarning mol-mulkiga jamiyat e’tibori qaratilishi demokratik davlat uchun norma ekanini bildirdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalar qizigan bir paytda, Sherzod Qudbiyev videomurojaat e’lon qildi va soat atrofidagi gap-so‘zlarga javob berdi.
Qudbiyev o‘z murojaatida amaldorlar kasbiy etikaga, ayniqsa, ommaviy tadbirlar va yig‘ilishlarda qat’iy amal qilishlari zarurligiga qo‘shilgan.
Ushbu soat o‘zi uchun qadrli ekanini aytayotgan Qudbiyev uni qayerdan olganiga va nimasi bilan qadrli ekaniga aniqlik kiritmagan. Tarmoqda esa, soat uning marhum otasi Davlat Qudbiyevga tegishli bo‘lgani va shu sabab Qudbiyevga otameros o‘laroq qadrli ekani yozilmoqda.
Qudbiyevning qo‘lidagi soat yana bir bor davlat xizmatchilarining mol-mulkini deklaratsiya qilish majburiyati bilan bog‘liq boshlangan qadamlar to‘xtab qolganini kun tartibiga olib chiqdi.
O‘zbekistonda 2022 yilning 1 yanvaridan amaldorlarning mol-mulki deklaratsiya qilinishi aytilgan edi. Bu talab Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 6 iyulda qabul qilgan va 7 iyuldan boshlab kuchga kirgan “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida nazarda tutilgan. Biroq, hujjat qabul qilinganidan 5 yil o‘tdi hamki, bu qonundan hali ham darak yo‘q.
“Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi kerak edi. QALAMPIR.UZ manbalariga ko‘ra, 2021 yilning avgust-sentyabr oylarida qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, DXX, IIV, DSQ, Oliy sud, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi va Markaziy banki bilan dastlabki va idoraviy kelishuvlardan o‘tkazilib, ularning takliflari asosida takomillashtirilgan. Qonun loyihasi 2021 yilning 1 noyabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga, 13 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 aprelda imzolangan “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida “Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi 2025 yil may oyida tayyor bo‘lishi aytilgan edi. Ammo, hali ham kutilgan natija bo‘lmadi.
Yaqindagina QALAMPIR.UZ O‘zbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Andijon viloyatida o‘tgan yoshlar bilan uchrashuvga Hermes brendining AQSHda o‘rtacha 1275 dollardan sotiladigan poyabzalida borganini, bu esa Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2022 yilning 14 oktyabrida qabul qilingan “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorga zid ekanini aytib chiqqandi. Ushbu maqoladan keyin ko‘pchilik, ayniqsa, Nazarbekovning muxlislari QALAMPIR.UZ’ni vazirning shaxsiy hayoti, nima kiyishiga aralashishda aybladi. Holbuki, Nazarbekov shunchaki san’atkor emas. U byudjet tashkilotining rahbari, mamlakatda amaldorlarga o‘rnatilgan tartiblarga rioya qilishi kerak bo‘lgan Hukumat vakili, xalq oldida hisobdor bo‘lgan shaxs. Va bu hisobdorlikni nafaqat u yoki Qudbiyev, boshqalar ham unutmasligi kerak.
Live
Barchasi