Nazarbekovdan navbatdagi qovun tushirish: endi “senzura” mehmonxonalargami?

Madaniyat-san’at

image

O‘zbekistondagi mehmonxonalar, hatto, 5 yulduzli bo‘lsa ham, ularda o‘zbekona milliylik aks etishi kerak. Bunday navbatdagi g‘ayrioddiy va tadbirkorlik sub’ektining faoliyatiga tashqi aralashuvni o‘zida aks ettirgan talab ko‘rinishidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekovdan chiqdi. Vazir bu haqda Otelerlar uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Mehmonxona biznesi forumi”dan keyin gapirgan. 

“Aytish kerakki, xorijiy sayyohlarga xizmat ko‘rsatayotgan mehmonxona, xostel va oilaviy mehmon uylari egalari hi-tech, milliy va klassik uslublarni uyg‘unlashtirgan holda jihozlash va interer qilishga alohida e’tibor qaratishlari lozim. Hattoki, eng zamonaviy 5 yulduzli mehmonxonalarda ham milliyligimiz, o‘zligimiz aks etgan detallar bo‘lishi lozim”, deydi vazir Nazarbekov. 

Dunyoning hech bir mamlakatida mehmonxonalarga qo‘yilmagan bunday talab qonunchilikda aks etadimi, bundan buyon haqiqatan ham mehmonxonalar milliy ruhda bezatiladimi yo yo‘q, bizga qorong‘i, ammo Nazarbekovning fikricha, bu har bir sayyohning, eng avvalo, O‘zbekiston haqidagi tasavvuri shakllanishi, shuningdek, xalqimizga xos urf-odat, an’ana va qadriyatlari haqida tushunchaga ega bo‘lishiga xizmat qiladi. 

“O‘ylaymizki, mazkur forum turizm sanoati vakillarini bir joyda jamlab, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy investitsiyalar jalb qilish, IT sohasi, ekologiya, xizmatlarni raqamlashtirish, ta’lim va kadrlar masalalarida hamkorlikni mustahkamlash kabi masalalar yuzasidan o‘zaro fikr-mulohaza, tajriba va takliflar almashish maydoni vazifasini bajardi”, deb yozgan vazir o‘zining Telegram-kanalida.

Bugun O‘zbekistonda AQSH, Fransiya, Turkiya, Hindiston, Pokistonga borib taqaladigan qator xorijiy mehmonxonalar faoliyat yuritmoqda. Qiziq, O‘zbekistonga million-million dollar kiritib, mehmonxona ochayotgan tadbirkorlar Ozodbek Nazarbekovning bu taklifini qanday qabul qilarkin. 


Maqola muallifi

Teglar

Ozodbek Nazarbekov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing