Nazarbekov inson qadri nimaligini vazir bo‘lgach bilganini aytdi (video)
Madaniyat-san’at
−
18 mart 2023
10736Ozodbek Nazarbekov vazir bo‘lgunigacha og‘ir, qora va mudhish kunlarni boshdan kechirgan. Nafaqat o‘zi, balki oilasi, ota-onasi ham. Va u bugun inson qadri nima ekanini o‘zida, shu bugun his qilyapti. Bu haqda 2016 yilgacha O‘zbekiston xalq artisti unvoni bilan taqdirlangan, keyingi 6 yilda esa “Yoshlar” teleradiokanali direktori, Madaniyat vaziri o‘rinbosari va bugun Madaniyat va turizm vaziri lavozimida ishlab kelayotgan Nazarbekovning o‘zi Andijonda o‘tgan “Konstitutsiya o‘zimizniki” targ‘ibot tadbirida aytib o‘tgan.
“Yaxshi bilasizlar, hayotimda eng og‘ir kunlar o‘tdi, mana bugun vazir darajasiga keldim. Lekin boshimdan o‘tgan o‘sha og‘ir, mudhish kunlarda men o‘z tanamda his qilgan muammolarni, bir oilada bir inson qamalsa shu oilaga nima bo‘lardi, bir o‘ylab ko‘ringlar. Na ota-onasiga, na farzandlariga maktabda kun bor edi. Lekin Konstitutsiyadagi eng muhim o‘zgarishlardan biri, bundan buyon ota bolasiga javob bermaydi, bola otasi uchun javobgar emas. Mana shu narsaning o‘zi, men haqiqatdan ham kuyunib aytyapmanki, meni oilam bu kunlarni boshdan kechirdi. Bu qiyinchiliklarni ko‘rdik”, deydi Nazarbekov.
Qayd etishicha, shuncha qiyinchilik, boshidan o‘tgan qora kunlar o‘tib, vazir darajasiga yetishi, uningcha, aynan inson qadri.
“Yurtimizda bugun inson qadri ulug‘lanayotganining yaqqol misoli menman. Meni Toshkentda katta tog‘am yo‘q, amakim yo‘q. Faqatgina bugungi oqilona, adolatli siyosat bugun meni shu minbarda turishimgacha xizmat qilyapti”, deydi Xalq artisti bo‘lgan vazir
U O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini yangilash bo‘yicha 30 aprelga belgilangan referendumni 100 foiz qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Ma’lumot uchun, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonun loyihasining 28-modda 7-qismida “Shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emas” deb belgilab qo‘yilgan.