Nazarbekov xitoylik vazirdan O‘zbekistonda musiqa asboblarini ishlab chiqarishni so‘radi
Jamiyat
−
22 yanvar
11313Ma’lumki, joriy yilning 23-25 yanvar kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.
Prezident Mirziyoyevning tashrifi munosabati bilan Xitoy poytaxti Pekinda qator tadbirlar, xususan O‘zbekiston madaniyati kunlari ham o‘tkazilmoqda.
Oliy darajadagi uchrashuvlarda, albatta, madaniyat va san’at sohasiga alohida e’tibor qaratiladi. Ushbu muloqotlar oldidan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Pekinda bo‘lib, Xitoy Xalq Respublikasi Madaniyat va turizm vaziri Sun Yeli bilan uchrashdi.
Muloqotda ikki xalqning madaniy aloqalari uzoq tarixga borib taqalishi va bugun ham izchil rivojlanib borayotgani qayd etildi.
Uchrashuvda joriy yilning fevral oyida Toshkent va Samarqand shaharlarida “Quvnoq bahor bayrami-2024” loyihasi doirasida Xitoy markaziy opera teatrining gastrol tadbirlari rejalashtirilgani ma’lum qilindi.
O‘zbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov mavqedoshiga Xitoy tomonidan O‘zbekistonning madaniyat hamda san’at sohalariga taalluqli grantlar va investitsiyalar ajratilishi ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishini inobatga olgan holda, mazkur investitsiya va grantlar jalb etishni taklif qildi.
Madaniyat va san’at sohasida faoliyat yurituvchi ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, uni mustahkamlash, qo‘shma tadbirlar va tajriba almashinuvlarini tashkil etishni bildirdi.
Shuningdek, Nazarbekov Xitoy tomonida O‘zbekistonda musiqa asboblarini ishlab chiqaruvchi korxona hamda musiqa asboblarini sinovdan o‘tkazishga ixtisoslashgan laboratoriya tashkil etish mumkinligini bildirdi. Hozirda mamlakatda musiqiy asboblar an’anaviy ustalar tomonidan tayyorlanadi.
O‘z navbatida Xitoy Madaniyat va turizm vaziri Sun Yeli ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy va turizm sohalarida amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishni davom ettirish, yanada boy yutuqlarni yaratish va ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlikni Yanszi daryosi va Sirdaryo kabi oqimga aylantirish uchun ishlashga tayyorligini ma’lum qildi.