Navoiyda elektr qarmoqda baliq ovlaganlar tabiatga 6 mlrd so‘mdan ortiq zarar berdi
3-sahifa
−
30 Sentabr
9107Navoiy viloyatining Navbahor tumanida o‘tkazilgan reydda uch fuqaro Zarafshon daryosida elektr qarmoq yordamida noqonuniy baliq tutgani aniqlandi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, holat bugun, 30 sentyabr kuni “Qorovultepa” MFY hududidan oqib o‘tuvchi Zarafshon daryosi bo‘yida kuzatilgan. Reyd davomida aniqlanishicha, Qiziltepa tumani Toshrabot qishlog‘ida yashovchi fuqarolar – G‘.Sh., O.M. va A.Z. Zarafshon daryosida elektr qarmoq yordamida noqonuniy baliq tutgan.
Huquqbuzarlar jami 26 ta tovon, 8 ta oq amur, 6 ta do‘ngpeshona, 32 ta zog‘ora, 32 ta laqqa, 249 ta Samarqand loyxo‘ragi hamda 46 ta O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan Turkiston mo‘ylovdori baliqlarini ovlagan. Oqibatda tabiatga 6 milliard 324 million so‘m zarar yetkazilgan.
Holat yuzasidan ularga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 90-moddasi (Ov qilish va baliq ovlash qoidalarini, shuningdek hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzish) 4-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan va hujjatlar holatga huquqiy baho berish hamda chora ko‘rish uchun viloyat prokuraturasiga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sirdaryo viloyatida noqonuniy baliq ovlagan shaxslar jarimaga tortilgandi. Reyd davomida fuqaro tumandan oqib o‘tuvchi zovurdan ov qoidalarini buzgan holda 4 turdagi 27 ta baliqni ovlagani, bulardan 9 ta baliq me’yoridan (5 kg) ortiqcha ekanligi aniqlangandi. Natijada hayvonot dunyosiga 14 mln 960 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.