Navoiy viloyati hokimligi “zamhokim” uchun Malibu-2 sotib olmoqda

Jamiyat

image

Navoiy viloyati hokimligi yangi Malibu-2 avtomobilini sotib olmoqda, buning uchun Vazirlar Mahkamasining qaroriga zid keladigan 369 million so‘m narx belgilangan. Ushbu ma’lumotlar  davlat xaridlari portaliga joylashtirilgan.

Xarid haqida batafsil ma’lumot olish uchun, QALAMPIR.UZ viloyat hokimligi Matbuot xizmati bilan bog‘landi. Ma’lum qilinishicha, ushbu avtomobil Navoiy viloyati hokimining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlangan Sa’dullo Mirzayevich Mirzayevga mo‘ljallangan.

“Hozirda tender loti shakllantirilgan. Eng yuqori narx hozirda 369 million so‘m qo‘yilgan. Lekin Vazirlar Mahkamasining qarorida 367,5 million so‘m eng yuqori narx sifatida belgilangan. 1,5 million so‘mga farq qilyapti, lekin tender javoblariga qarab, vazirlar Mahkamasi qarori talablariga to‘g‘ri keladimi, yo‘qmi bilib, keyin shartnoma tuziladi. Hali hech kim bilan shartnoma tuzilmagan. Agar tenderda avtomobil narxi qarorda ko‘rsatilgan narxga to‘g‘ri kelmasa, sotib olinmaydi”, deydi viloyat hokimligi Matbuot xizmati vakili. 

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransportlaridan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida  viloyatlar hokimlarining o‘rinbosarlari uchun sotib olinadigan avtomobillarning eng yuqori narxi — BHMning 1500 baravari (367,5 mln so‘m)dan oshmasligi belgilab qo‘yilgan.

Navoiy viloyati hokimi Qobil Tursunovning tegishli farmoyishiga ko‘ra, xizmat avtomashinasi sotib olish bilan bog‘liq xarajatlar uchun 601,1 million so‘m ajratilishi belgilangan. Avtomobillar davlat mulkini xususiylashtirishdan tushgan mablag‘lar hisobidan sotib olinadi.

Ma’lumot uchun, 2018 yilda Navoiy viloyatidagi 8 ta tuman hokimlariga Malibu-2 avtomobillari tarqatilgandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani hokimi Lutfiddin Abdullayev 311 mln so‘mlik Captiva xarid qilayotgani muhokamalarga sabab bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Navoiy

Baholaganlar

209

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing