“Navalniyning zaharlanishi”: Rossiya G‘arb davlatlarining aybloviga kutilmagan javob qaytardi
Olam
−
05 Sentabr 2020
17924Rossiyalik muxolif siyosatchi Aleksey Navalniy bilan bog‘liq mojaro tobora qizg‘in tus olyapti. Bungacha G‘arb davlatlari, xususan, Germaniya Navalniy “Novichok” guruhiga mansub modda bilan zaharlanganini aytib kelayotgandi va bunda rasmiy Moskvaning qo‘li borligiga shama qilayotgandi.
Kutilmaganda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi G‘arb davlatlarining iddaolariga ularning o‘zini ayblash bilan javob qaytardi. Rasmiy Moskva G‘arb va NATOning ixtisoslashgan tuzilmalari “Novichok” guruhiga kiruvchi kimyoviy modda o‘ylab topganini iddao qilyapti. Bu haqda tashqi siyosat idorasining Aleksey Navalniy bo‘yicha bergan rasmiy izohida aytilgan.
Vazirlikning ta’kidlashicha, so‘nggi vaqtlarda Navalniyning ahvoli bilan bog‘liq holat yuzasidan Rossiyaga qarshi ko‘plab fikrlar bildirilyapti. Jumladan, Germaniya va Fransiya TIV rahbarlari Xayko Maas va Jan-Iv Le Drianning qo‘shma bayonoti eslatib o‘tilgan.
“Bir necha yillar davomida G‘arb davlatlari mutaxassislari va NATOning ixtisoslashgan tuzilmalari ushbu keng kimyoviy vositalar guruhi ustida ish olib bordi. AQSHda harbiy maqsadda foydalanish uchun ishlab chiqaruvchilarga 150 dan ortiq patentlar berilgan”, deyiladi bayonotda.
Avvalroq, Germaniya Berlindagi klinikada davolanayotgan rossiyalik muxolif siyosatchi asab tizimini falajlovchi “Novichok” guruhiga kiruvchi modda bilan zaharlanganini ma’lum qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, Aleksey Navalniy Tomskdan Moskvaga samolyotda qaytayotganda tobi qochib, zudlik bilan Omskdagi shifoxonaga yotqizildi. Uning tarafdorlari Navalniyni Germaniyaga olib ketish harakatiga tushdi. Ammo ikki kun davomida Omskdagi shifoxona shifokorlari uni ko‘chirishga ruxsat bermay keldi.
Bu orada Navalniyni zaharlangan deb taxmin qilayotganlar bu harakatni Kremlning rejasi deb baholadi. Ikki kundan keyin siyosatchi Berlinga olib ketildi. Germaniya Hukumati Rossiyadan holat bo‘yicha shaffof tekshiruv boshlashni so‘radi. Kreml bu chaqiruvga munosabat bildirib, zaharlanishni isbotlovchi dalil yo‘qligini ma’lum qildi.
Germaniya esa ittifoqchilari bilan Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy qilish bo‘yicha muhokamalarni boshlab yubordi. Xususan, Fransiya va Buyuk Britaniya Rossiyaning tanobini tortib qo‘yish kerakligini aytmoqda.
LiveBarchasi