Navalniyning qizi Harrisning saylovoldi shtabiga ishga kirdi
Olam
−
14 Oktabr
5689Rossiya qamoqxonasida vafot etgan muxolifat siyosatchi Aleksey Navalniyning qizi Dariya Navalnaya AQSH prezidentligiga Demokratik partiyadan nomzod Kamola Harrisning saylovoldi shtab-kvartirasi xodimi bo‘ldi. Bu haqda u o‘zining LinkedIn sahifasida ma’lum qildi.
Dariya Navalnayaning LinkedIn profilidagi ma’lumotlarga ko‘ra, u joriy yilning avgust oyida AQSHning Pensilvaniya shtatidagi shtabda ko‘ngillilar koordinatori sifatida ishga joylashgan. Dariya jamoatchilik bilan aloqalar va saylovchilarni safarbar qilish sohasida ham ishlaydi.
Ma’lumot uchun, Dariya Navalnaya 2019 yilda ijtimoiy psixologiya va siyosatshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha Stenford universitetiga o‘qishga kirgan. 23 yoshli Dariya joriy yilning iyun oyida universitetni tamomlagan.
Pensilvaniya AQSH prezidentligiga nomzodlar uchun alohida ahamiyatga ega, chunki u hech bir partiya ustunlikka ega bo‘lmagan yetti shtatdan biri hisoblanadi. So‘rov natijalariga ko‘ra, hozirda ovozlar Harris va uning respublikachi raqibi va sobiq AQSH prezidenti Donald Tramp o‘rtasida deyarli teng bo‘lingan. Saylovlar 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Qayd etish joiz, Navalniy vafotidan keyin Dariya va uning onasi Yuliya AQSH Prezidenti Jo Bayden bilan uchrashgan. Bayden ularga hamdardlik bildirib, Navalniyning merosi ularda va butun Rossiya bo‘ylab demokratiya va inson huquqlari uchun kurashayotgan son-sanoqsiz odamlarda yashashini ta’kidlagan.
Aprel oyida Kamola Harris “Time” jurnali uchun Yuliya Navalnaya haqida maqola yozgan. Unga ko‘ra, rossiyalik siyosatchining bevasi uning ishini davom ettirishga qaror qilib, alohida fidoyilik va kuch ko‘rsatgan.
“Yuliya Navalnaya jahon sahnasida yetakchi rolini o‘z zimmasiga oldi. Navalnaya erining adolat va qonun ustuvorligi uchun kurashini davom ettirishga va’da berdi. Korrupsiyaga qarshi kurashayotgan va erkin, demokratik Rossiya uchun kurashayotganlarga yangi umid bag‘ishladi”, deb yozadi Harris.
Ma’lumot o‘rnida, Aleksey Navalniy 2024 yil 16 fevralda Rossiyaning Yamalo-Nenets avtonom okrugining Xarp shahridagi “Qutb bo‘risi” koloniyasida vafot etgan. Federal Jazoni ijro etish xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, siyosatchi sayr vaqtida kasal bo‘lib qolgan, shundan so‘ng u hushini yo‘qotgan. Yetib kelgan shifokorlar uni jonlantirishga harakat qilgan, biroq buning uddasidan chiqa olmagan.
Navalniyning o‘limi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atish rad etilgan. Rasmiy tekshiruv hech qanday qoidabuzarliklarni aniqlamagan va o‘lim sababi sog‘liq muammolari majmuasi natijasida rivojlangan aritmiya sifatida qayd etilgan. Lekin siyosatchining oilasi va sheriklari bu versiyaga ishonmaydi va ular Navalniy o‘ldirilganini da’vo qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navalniyning o‘limi bilan bog‘liq yangi da’voda uni o‘ldirish uchun 1971-1993 yillarda Sovet Ittifoqi va Rossiya tomonidan ishlab chiqilgan “Novichok” gazidan foydalanilgani aytilgan edi.