Navalniy Moskvada dafn qilindi (foto, video)
Olam
−
01 mart
15279Bugun, 1 mart kuni marhum rus muxolifatchisi Aleksey Navalniyning dafn marosimi Moskvadagi Borisov qabristonida bo‘lib o‘tdi. Bu haqda xalqaro nashrlarda xabar qilindi.
Ma’lum qilinishicha, ertalab odamlar Navalniy bilan xayrlashish uchun cherkovga to‘planishgan. Ma’badga navbat bir necha yuz metrga cho‘zilgan. Siyosatchining jasadi bo‘lgan tobut cherkovga olib kelinganida, odamlar "Navalniy!", “Putin – qotil”, "Biz kechirmaymiz!", “Rossiya ozod bo‘ladi!”, deya hayqirishgan.
Marosimda Navalniyning yaqin qarindoshlaridan faqat ota-onasi qatnashgan, uning bevasi va bolalari u bilan vidolashuvga kelmagan. Biroq Navalnaya ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida uni abadiy sevishini bildirgan.
"26 yillik baxt uchun rahmat. Biz yana albatta uchrashamiz. Men seni abadiy sevaman", degan beva.
Dafn marosimida AQSHning Rossiyadagi elchisi Linn Treysi, Fransiya, Germaniya, Norvegiya va Daniya diplomatlari ham ishtirok etgan. Vidolashuv Moskva janubi-sharqidagi Marino tumanidagi "Mening qayg‘ularimni so‘ndir" cherkovida bo‘lib o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, 16 fevral kuni Rossiya hukumati muxolifatchi Aleksey Navalniy qamoqda vafot etganini e’lon qilgandi. Shundan so‘ng bir qator dunyo siyosatchilari, jumladan AQSH Prezidenti Jo Bayden ham Navalniyning o‘limi uchun Putinni aybladi.
LiveBarchasi