Navalniy qolgan mehmonxonadan “Novichok”ning izi chiqdi
Olam
−
17 Sentabr 2020
9019Rossiyalik muxolif siyosatchi Aleksey Navalniy qolgan Tomskdagi mehmonxona xonasidan zaharli modda izi chiqdi. U Korrupsiyaga qarshi kurash fondi xodimlari tomonidan topilgan. Bu haqda Navalniyning Instagram'dagi rasmiy akkauntida xabar berildi.
“Novichok” guruhiga kiruvchi zaharning izlari bo‘lgan shishani Navalniyning xonasidan uning safdoshlari olib ketishdi. Navalniyning Instagram sahifasida u Tomskda joylashgan mehmonxona xonasining fotosuratlari joylashtirildi.
Korrupsiyaga qarshi kurash fondi xodimlarining xabar berishicha, siyosatchining sog‘lig‘i yomonlashgani to‘g‘risida ma’lumot olingandan so‘ng, uning xonasidan bir nechta narsalar olib ketilgan.
Ular orasida mehmonxona suvi bo‘lgan bir shisha ham bor edi. Keyinchalik, shisha o‘rganish uchun Germaniyaga olib ketildi. Shishadan esa zahar izlari topildi. Qayd etilishicha, hamma narsa Navalniyning advokati ishtirokida kameraga tushirilgan.
Germaniya kansleri Angela Merkel natijalarni sharhlab, o‘tkazilgan tadqiqotlarda hech qanday shubha yo‘qligini aytdi. U Navalniy haqiqatan ham, “Novichok” guruhiga kiruvchi zaharli modda bilan zaharlanganini aytmoqda.
Ma’lumot uchun, bir necha kun oldin Aleksey Navalniy komadan chiqqandi. U hech qanday apparat yordamisiz o‘zi nafas ola boshlagani aytilgandi.
Eslatib o‘tamiz, Aleksey Navalniy Tomskdan Moskvaga samolyotda qaytayotganda tobi qochib, zudlik bilan Omskdagi shifoxonaga yotqizilgan. Uning tarafdorlari Navalniyni Germaniyaga olib ketish harakatiga tushgan. Ammo ikki kun davomida Omskdagi shifoxona shifokorlari uni ko‘chirishga ruxsat bermadi. Siyosatchining tarafdorlari bunda Kremlning qo‘li borligini iddao qilgan.
Navalniy Berlinga olib ketilgach, Germaniya Hukumati 2 sentyabr kuni u “Novichok” guruhiga kiruvchi modda bilan zaharlanganini aytdi. Rasmiy Berlin Rossiyadan bu bo‘yicha izoh talab qildi. Fransiya va Shvetsiyadagi mustaqil laboratoriyalar ham Navalniyning tahlillarini tekshirib, u zaharlanganini tasdiqlagandi.
Yevropa Parlamenti Navalniy bilan bog‘liq vaziyat sabab sanksiyalar joriy qilish to‘g‘risida rezolyutsiya qabul qildi. Unda Korrupsiyaga qarshi fond surishtiruvlari bo‘yicha korrupsiya jinoyatiga aloqador deb topilgan shaxslarga sanksiya joriy qilish kerakligin aytilgan.
LiveBarchasi