Navalniy effekti: diplomatlar Rossiya va Yevropa o‘rtasida “koptok” bo‘lmoqda

Tahlil

image

Rossiya so‘nggi vaqtlarda siyosiy jang maydoniga aylanib bormoqda. Bir qarashda Navalniyning Vataniga qaytishini noto‘g‘ri va muvaffaqiyatsiz qadam deb baholash mumkin. Chunki u darhol hibsga olindi va yaqin 2-3 yil panjara ortida qolishi aniq bo‘lib turibdi. Lekin voqealar rivojiga boshqa tomondan qaraydigan bo‘lsak, qo‘liga kishan solingan Aleksey o‘zining to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirokisiz Rossiyaning bir qator shaharlarida bir emas, 2 marotaba namoyishlar uyushtirishga muvaffaq bo‘ldi

Bundan tashqari, Aleksey ushbu voqealar natijasida demokratiya, inson huquqlari va erkinlik targ‘ibchisi hisoblangan G‘arbning turli hil siyosiy instrumentlar orqali Rossiyaga bosim kuchayishiga erishdi.

Rossiya ham munosib javob qaytarish uchun Yevropa diplomatlarini “qo‘vg‘in” qilishni boshlab berdi. Aniqrog‘i, joriy yilning 5 fevral kuni Rossiya 3 ta davlat ya’ni Germaniya, Polsha va Shvetsiya diplomatlarini “persona non grata”(istalmagan shaxs – tahr.) deb e’lon qildi va ulardan mamlakatni tark etishni so‘radi.

“Shvetsiya Qirolligi va Polsha Respublikasining Sankt-Peterburgdagi bosh konsulliklari va Germaniya Federativ Respublikasining Moskvadagi elchixonasi diplomatik xodimlarining 2021 yil 23 yanvar kunlari bo‘lib o‘tgan noqonuniy namoyishlarda ishtirok etgani sabab ularga norozilik bildirildi”, deyiladi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy bayonotida.

Yuqorida qayd etilganidek, uch yevropalik diplomatning Rossiyadan chiqarib yuborilishiga mamlakatda muxolifatchi Aleksey Navalniy chaqirig‘i bilan 23 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan noqonuniy namoyishlarda diplomatlarning qatnashgani sabab qilib ko‘rsatilgan. 

Savol paydo bo‘lishi mumkin: diplomatlar ishtirok etgan Rossiyadagi namoyishlar 23 yanvar kuni bo‘lib o‘tdi-yu, lekin nega oradan 2 hafta vaqt o‘tib, 5 fevral kuni ulardan mamlakatni tark etish so‘raldi?

Gap shundaki, aynan 4-6 fevral kunlari, ya’ni uch nafar diplomat Rossiyadan chiqarib yuborilayotgan vaqtda Yevropa Ittofoqining Yuqori vakili, bosh diplomati Jozep Borrel rasmiy tashrif bilan Rosssiyada, Sergey Lavrov huzurida bo‘lib turgan edi

G‘arbning javob zarbasi 

O‘z o‘rnida, Yevropa davdatlari ham bunga javob qaytardi. Birinchi navbatda, Shvetsiya Tashqi ishlar vaziri Ann Linde Rossiyaning ushbu xatti-harakatini asossiz, deb baholab, munosib javob qaytarishini ma’lum qildi. 

 

Shved deputati Markus Vixel Rossiyadagi “demokratiya tarafdorlarini” qo‘llab-quvvatlashni va “Rossiya rejimi”ga bosim o‘tkazishni taklifini bildirdi. Deputat bosim to‘g‘rsidagi so‘rovini mamlakat Tashqi ishlar vaziri Ann Lindega yuborgan.

AQSH ham chetda qolib ketmoqchi emas. Trampdan so‘ng faol tashqi siyosat yuritishga intilayotgan rasmiy Vashington ham ushbu mojaro borasida munosabat bildirishga ulgurdi.

“AQSH yevropalik uch diplomatning Rossiyada yanvar oyida bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlarini kuzatgani uchun mamlakatdan chiqarib yuborilishini qoralaydi. Bu asossiz xatti-harakatlar Rossiyaning xalqaro majburiyatlaridan chetlashishidir”, deb yozdi 5 fevral kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken.

 

Joriy yilning 8 fevral kuniga kelib Germaniya, Polsha va Shvetsiya Rossiyaning dilomatik jazosiga javob tariqasida bir nafardan rus diplomatini mamlakatdan chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qildi

“Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning Berlindagi elchixonasi xodimini “persona non grata” deb e’lon qildi. Germaniya hukumati ushbu qadam bilan Rossiya Federatsiyasining 2021 yil 5 fevraldagi qaroriga javob bermoqda”, deyiladi Germaniya TIV bayonotida.

Siyosatshunoslar ushbu voqea yuzasidan qanday fikrda?

“Bular unchalik ham diplomatik ishchilar emas edi. Bu insonlar tartibsizliklar tashkilotchilari bilan faol aloqada bo‘lgan, uslubiy ravishda rahbarlik qilgan odamlardir. Ular uzoq vaqtdan beri Rossiya kontrrazvedkasining kuzatuvi ostida bo‘lib kelgan va o‘zlarining huquqiy sohasidan tashqariga chiqqanidan so‘ng, “persona non grata” deb e’lon qilindi”, deydi siyosatshunos Aleksey Anatolevich Martinov.

Uning ta’kidlashicha, Rossiya Halqaro kelishuvlar to‘g‘risidagi “Vena konvensiyasi” bo‘yicha to‘g‘ri harakat qilgan.

BBC’ning siyosiy voqealar bo‘yicha tahlilchisi Sara Reynsfordning fikriga ko‘ra, diplomatlarni mamlakatdan chiqarib yuborish orqali Rossiya Yevropaga signal bermoqchi bo‘ldi.

“Bu Rossiyadan Yevropaga berilgan signal edi: siz bizga inson huquqlari va ozodlik haqida istalgancha ma’ruza o‘qishingiz mumkin, lekin biz bilganimizni qilamiz. Sizning fikringiz bilan ishimiz yo‘q”, deya tushuntirish berdi siyosiy sharhlovchi Sara Reynsford.

 


Maqola muallifi

Teglar

Lavrov Naval'niy Jozep Borrel' diplomatlar

Baholaganlar

193

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing