Eron fransiyalik diplomatlarga mamlakatga qaytishni taqiqladi
Olam
−
19 avgust 798 2 daqiqa
Joriy yilning 17 avgust kuni Eron Tashqi ishlar vazirligi Fransiya elchixonasining ikki xodimining mamlakatga qaytishiga ruxsat berilmasligini ma’lum qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Vazirlik vakili Ismoil Bag‘oyining so‘zlariga ko‘ra, ushbu shaxslar Eronda fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq faoliyat bilan shug‘ullangan. Eron tomoni bunday faoliyat diplomatik vakolatxonalar faoliyatini tartibga soluvchi Vena konvensiyasi qoidalariga zid ekanini bildirgan.
“Bu shaxslarning fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq faoliyat bilan shug‘ullangani Vena konvensiyasi buzilganini tan olishning o‘zidir”, deydi Bag‘oyi haftalik matbuot anjumanida.
U boshqa tafsilotlarni ochiqlamagan. Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Noyel Barro esa o‘tgan oy “France Inter” nashriga bergan intervyusida elchixona xodimlarining vazifasi Eron fuqarolik jamiyati, talabalar va san’atkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqishdan iborat ekanini aytgan.
Mazkur diplomatik mojaro iyul oyida kuchaygan. 21 iyul kuni Fransiya Eron xavfsizlik kuchlarini Tehrondagi elchixona xodimlarini hibsga olish va ularga nisbatan jismoniy bosim o‘tkazishda ayblagan. Tehron esa G‘arb davlatlarining Eron ichki ishlariga aralashuviga, ayniqsa AQSH va Isroil bilan davom etayotgan mojaro fonida, keskin munosabat bildirib kelmoqda. Oqibatda Fransiya elchixonasining ikki xodimi Eronga qaytish huquqidan mahrum qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya dronlari Ruminiya havo hududini bir necha bor buzgani ortidan mamlakat Rossiya elchixonasining bir diplomatini chiqarib yuborgandi.
Live
BarchasiIrina Mudra qo‘lga olindi
19 avgust