Navalniy 13 yilga qamalishi mumkin
Olam
−
15 mart 2022
6006Rossiyada davlat ayblovisi muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniyni firibgarlik va sudni haqorat qilganlikda ayblab, 13 yil qamoq va 1,2 million rubl miqdorida jarimaga hukm qilishni so‘radi. Bu haqda “Novaya gazeta” xabar berdi.
“Mediazona”ning aniqlik kiritishicha, prokuratura vakili Nadejda Tixonova Navalniyga 10 yil qamoq jazosi berishni so‘ragan, biroq avvalgi hukmlarni inobatga olib, uni 13 yilga ozodlikdan mahrum etishni taklif qilgan.
Navalniyga nisbatan yangi jinoiy ish bo‘yicha sud 15 fevral kuni boshlangan. Sud Navalniy “Iv Roshe” ishi bo‘yicha sinov muddatini haqiqiy jazo bilan almashtirganidan keyin jazo o‘tayotgan Vladimir viloyati, Pokrov shahridagi 2-sonli axloq tuzatish koloniyasida o‘tkazilmoqda.
Ayblov guvohlaridan biri, Korrupsiyaga qarshi kurash fondining sobiq xodimi Fyodor Gorojanko sudda Navalniyga qarshi ko‘rsatma berishdan bosh tortgan va sud jarayonini “bema’ni va uyushtirilgan” deb atagan. Shundan so‘ng Gorojanko Rossiyani tark etgan.
RIA Novostiga ko‘ra, firibgarlik bo‘yicha ish bir yildan ko‘proq vaqt oldin qo‘zg‘atilgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Navalniy Korrupsiyaga qarshi kurash fondiga berilgan pulning bir qismini shaxsiy ehtiyojlari uchun o‘g‘irlab ketgan va sarflagan.
Xuddi shu ishning ikkinchi epizodi Navalniyning Ikkinchi jahon urushi faxriysi Ignat Artemenkoga tuhmat qilgani uchun hukm qilgan sudya Vera Akimovani haqorat qilish bilan bog‘liq. Tuhmat bo‘yicha sud jarayoni natijasida Navalniy 850 ming rubl miqdorida jarimaga tortilgan.
LiveBarchasi