Navalnaya Shols bilan Rossiyadagi siyosiy mahbuslarga yordam berishni muhokama qildi
Olam
−
24 avgust
2196Joriy yilning fevral oyida Rossiyadagi qamoqxonada vafot etgan rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning bevasi Yuliya Navalnaya bugun, 23 avgust kuni Berlinda Germaniya kansleri Olaf Shols va Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok bilan uchrashdi. Bu haqda turmush o‘rtog‘ining vafotidan so‘ng uning ishini davom ettirishga qaror qilgan Navalnayaning o‘zi Instagram sahifasida ma’lum qildi.
Inson huquqlari jamg‘armasi (Human Rights Foundation) raisi Yuliya Navalnayaning aytishicha, u Shols va Berbokka rossiyalik siyosiy mahbuslarni ozod qilishda ishtirok etgani uchun shaxsan minnatdorlik bildirishi muhim edi.
“Biz ko‘pchilik uchrashuvlarimizni Putinning garovida qolayotganlarga amaliy yordam ko‘rsatishni muhokama qilishga bag‘ishladik. Va bunda sizlarga minnatdorlik bildirmoqchiman”, deydi Navalniyning bevasi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 1 avgust kuni Sovuq urush davridan beri Rossiya, Belarus va G‘arb davlatlari o‘rtasida eng yirik mahbuslar almashinuvi bo‘lib o‘tdi. 7 ta davlatdan 26 mahbusni almashish bo‘yicha operatsiyaga Turkiya Milliy razvedka tashkiloti vositachilik qilgan. Razvedka xizmati vakillarining aytishicha, almashuvda Rossiya, Belarus, AQSH, Germaniya, Polsha, Sloveniya va Norvegiya vakillari ishtirok etgan. 10 kishi Rossiyaga jo‘natilgan, ulardan ikki nafari bola. Yana 13 kishi Germaniyaga, 3 kishi AQSHga topshirilgan. Mahbuslar Turkiyaga 7 ta samolyotda yetkazilgan: ulardan ikkitasi AQSHdan, bittadan Germaniya, Polsha, Sloveniya, Norvegiya va Rossiyadan kelgan.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning 11 iyul kuni Rossiya Federatsiyasi Moliyaviy monitoring federal xizmati (Rosfinmonitoring) muxolifatchi Aleksey Navalniyning bevasi Yuliyani “terrorchilar va ekstremistlar” ro‘yxatiga kiritgandi. 12 may kuni Navalnaya Tinchlik va xalqaro hamjihatlik ishiga ulkan hissa qo‘shgan shaxslarga beriladigan Drezden tinchlik mukofoti (Friyedenspreis Dresden) bilan taqdirlandi.
LiveBarchasi