NATOga a’zo bo‘lsakkina tinch uxlaymiz – Kuleba
Olam
−
13 iyul
7420Ukriana Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba NATOga qo‘shilish uchun mamlakat yana 75 yil kuta olmasligini aytdi. Bu haqda u SNN telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi haqidagi va’da bajarilishi kerak, ammo ukrainaliklar buni yana 75 yil kuta olmaydi. Biz alyansga a’zo bo‘lganimizdagina to‘liq xursand bo‘lamiz va tinch uxlaymiz”, degan TIV rahbari.
Shu bilan birga, vazirning ta’kidlashicha, so‘nggi ikki kun ichida Ukraina a’zolik bo‘yicha ruhlantiruvchi signallarni ko‘rgan.
“Reuters” nashri ham AQSH Davlat departamentining yuqori martabali rasmiysiga tayanib, joriy yilning 9-11 iyul kunlari Vashingtonda bo‘lib o‘tgan NATO sammitida Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimlarini qo‘llash borasida “xushxabar” olishini yozgandi. Sammitning ikkinchi kunida NATO Ukrainaga 40 milliard yevro berishini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Kiyevga yordam berish uchun alyansning yangi tuzilmasi NSATU paydo bo‘ladi. U alyans bilan to‘liq operatsion muvofiqlik yo‘lida Ukraina qurolli kuchlarini jihozlash, o‘qitish va rivojlantirish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtiradi.
Biroq, vazir Ukraina alyansga to‘laqonli qo‘shilmaguncha mamlakat o‘zini yengil his qilmasligini bildirgan.
“Ammo biz Ukrainaning qo‘shilishini nishonlash uchun yana 75 yil kuta olmaymiz. A’zolik kechroq emas, hozir amalga oshishi kerak. Chunki bu Yevro-Atlantika mintaqasida strategik xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashning yagona yo‘li”, degan Kuleba intervyudagi so‘zini davom ettirib.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq NATO sammitida 24 davlat yetakchilari “Ukraina shartnomasi”ni imzolagani xabar qilingandi.