NATO yadro qurolini jangovar holatga keltirishi mumkin – Stoltenberg
Olam
−
17 iyun
5740NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg alyans yadroviy qurollarni jangovar shay holatga keltirish haqida o‘ylayotganini ma’lum qildi. Bu haqda “The Daily Telegraph” gazetasi xabar berdi.
Stoltenbergning gazetaga bergan intervyusidan ma’lum bo‘lishicha, alyansni zamonaviy qurollarni yaratishga katta mablag‘ sarflayotgan va 2030 yilga borib yadroviy qurollarining sonini mingtaga yetkazmoqchi bo‘lgan Xitoy alohida tashvishga solmoqda. Shu boisdan ham NATO a’zolari bu borada maslahatlashuvlarni boshlab yuborgan.
“Men qancha yadro qurollari ishlashi va ularni qanday saqlash kerakligi haqida batafsil ma’lumot bermayman. Lekin biz bu masalalarda albatta maslahatlashishimiz kerak. Aynan shunday qilyapmiz ham”, deydi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu boradagi shaffoflik NATOning “yadroviy ittifoq” ekanligi haqida yanada aniq fikr uyg‘otishga yordam beradi.
“NATOning maqsadi yadroviy qurolsiz dunyoga ega bo‘lishdir. Ammo yadroviy qurol mavjud ekan, biz yadroviy ittifoq hisoblanaveramiz. Chunki Rossiya, Xitoy va Shimoliy Koreya yadroviy qurolga ega. Bunday sharoitda NATO mavjud bo‘lmagan dunyo esa xavfli dunyo bo‘lib qolaveradi”, deya fikr bildirgan Yens Stoltenberg.
Shu bilan birga, Bosh kotib AQSH va uning Yevropadagi ittifoqchilari ayni paytda yadroviy arsenallarini, hatto, samolyotlarni ham yangilayotganini aytib o‘tgan.
Stoltenberg Ukrainadagi vaziyat haqida gapirar ekan, G‘arb davlatlarini Kiyevga yordam berishda davom etishga chaqirdi.
“Agar Putin Ukrainada g‘alaba qozonsa, biz yanada zaif bo‘lib qolamiz. Bunday holatda biz o‘z mudofaamizga ko‘proq sarmoya kiritishimizga to‘g‘ri keladi”, deya NATO Bosh kotibi o‘z so‘zini yakunlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban NATO o‘z mamlakatlari hududida uchta yirik harbiy baza yaratishni va ulardan Ukrainaga qurol yetkazib berishni rejalashtirayotganini aytib o‘tgandi. Bundan tashqari, NATO Ukraina bo‘yicha maxsus vakil lavozimini yaratishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi