NATO “Vagner”ning Belarusga joylashtirilishiga tez javob berishga tayyor – Stoltenberg
Olam
−
27 iyun 2023
13537Agar kerak bo‘lsa, NATO "Vagner" ning Belarusga ko‘chirilishiga javob berishga tayyor, ammo hozir bu haqda hech qanday tasdiq yo‘q. Bu haqda kecha, 26 iyun kuni NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Vilnyusdagi matbuot anjumanida ma’lum qildi.
"Hodisalar tez rivojlanyapti, deyishga hali erta. Albatta, biz juda yaqindan kuzatib boryapmiz, agar shunday zarurat tug‘ilsa, tezda javob berishga tayyormiz. Boshqa tomondan, bu ichki vaziyat ekanini tushunishingiz kerak. Bu Rossiyaning ishi, NATO esa Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratmoqda. Bu masalaga aralashish NATOning ishi emas, NATOning ishi o‘zini qo‘rqitishlariga yo‘l qo‘ymaslik”, degan alyans Bosh kotibi.
Biroq Stoltenberg “Vagner” Belarusga ko‘chirilgan taqdirda alyans qanday qadamlar qo‘yishi mumkinligiga aniqlik kiritmagan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Belarusning Mogilyov viloyatida “Vagner” bo‘linmalari uchun lager qurilishi boshlangani aytilgandi.
Prigojinning bir kunlik isyoni
Joriy yilning 24 iyun kuni “Vagner” jangchilari Rostovdagi Janubiy harbiy okrug shtab-kvartirasini egallab oldi. Prigojin Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov “Vagner”ga topshirilishini talab qilib, Moskvaga borishini e’lon qildi. Bu orada Moskvada ham xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati esa Prigojinga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Kechga borib Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko Rossiya Federatsiyasi Prezidenti bilan kelishilgan holda “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojin bilan muzokara olib borgani ma’lum bo‘ldi. Muzokaralar yakunida Rossiya hududida qurolli harakatlarni to‘xtatish va keskinlikni yumshatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Prigojin ham Moskvaga ketayotgan qo‘shinlari ortga qaytarilganini ma’lum qildi.
LiveBarchasi