NATO Ukrainaga yordamni ikki baravar oshirishni rejalashtirmoqda
Olam
−
04 aprel 2023
3054NATOga a’zo davlatlarning Tashqi ishlar vazirlari Ukrainaga yiliga 250 million yevroga teng bo‘lgan keng qamrovli yordam paketini ikki barobarga oshirish masalasini ko‘rib chiqadi. Bu haqda bugun, 4 aprel kuni “Financial Times” o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Germaniya ushbu keng qamrovli paket doirasida qo‘shimcha 40 million yevro ajratgan bo‘lsa, Niderlandiya 3 aprelda o‘z hissasini 75 million yevroga oshirib, 100 million yevroga yetkazgan. Boshqa ishtirokchi davlatlar, jumladan, Buyuk Britaniya ham moliyalashtirishni ko‘paytirishga tayyor ekanini bildirgan.
Manbaga ko‘ra, moliyaviy majburiyatlarni 500 million yevroga oshirish Ukrainaning NATOga kirishi bo‘yicha qaror qabul qilinmagani evaziga amalga oshiriladi. Kiyev 2022 yil sentyabrda a’zolik uchun ariza bergan, biroq alyans bunga javoban hech qanday rasmiy qadam tashlamagan.
Aytilishicha, alyans Kiyevning arizasini kelajakda ma’qullash niyatini isbotlash uchun bor kuchini sarflaydi. Tashqi ishlar idoralari rahbarlari yig‘ilishida ham Ukrainaning ittifoqqa qo‘shilishi mumkin bo‘lgan yo‘llar yoki Ukrainaga moliyaviy yordam paketidan tashqari a’zolik muqobillari muhokama qilinadi.
NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg esa Ukrainaning alyansga kirishi mumkinligi haqidagi savolga javob berar ekan, aniq sanani ayta olmasligini ta’kidlagan. Biroq u NATO Ukrainaga misli ko‘rilmagan darajada ko‘mak berayotganini aytib o‘tgan.
Ma’lumot o‘rnida, Ukraina uchun keng qamrovli yordam paketi 2016 yilda NATO tomonidan tashkil etilgan. Ushbu yordam paketining bir qismi sifatida alyans Kiyevga xavfsiz aloqa, kibermudofaa, yoqilg‘i, tibbiy buyumlar, shaxsiy qurol-yarog‘larni himoya qilish, minaviy, kimyoviy va biologik tahdidlar, uchuvchisiz havo qurilmalarining jangovar harakatlariga qarshi kurashish uchun portativ tizimlarni o‘z ichiga olgan yordamlarni ko‘rsatib keladi. O‘limga olib keladigan qurollar esa davlatlar tomonidan ikki tomonlama yoki ko‘p tomonlama shaklda yetkazib beriladi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq NATOga a’zo davlatlar Ukrainada urush boshlanganidan beri Kiyevga 65 milliard yevrolik qurol-yarog‘ yetkazib bergani e’lon qilingandi.
LiveBarchasi