NATO Ukrainaga yangi maqom bermoqchi

Olam

image

NATOga a’zo davlatlar zarur siyosiy yordam ko‘rsatish uchun Ukrainaning NATO-Ukraina Kengashi (NUK) shaklidagi alohida maqomini tan olishga tayyor. Uni yaratish rejalari Shimoliy Atlantika alyansiga a’zo mamlakatlar Tashqi ishlar vazirlarining kelasi hafta Oslo (Norvegiya)da bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan uchrashuvida muhokama qilinishi mumkin. Bu haqda bugun, 26 may kuni “Euractiv” portali xabar berdi.  

“Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lish haqidagi sakkiz oy oldingi arizasi hozir ham javobsiz qolmoqda, ammo bu masala iyul oyida Vilnyusda bo‘lib o‘tadigan sammitning asosiy mavzularidan biriga aylanishi mumkin. Ayni paytda Ukrainaning Shimoliy Atlantika alyansidagi maqomini oshirish g‘oyasi tobora kuchayib bormoqda. NATO davlatlari Ukraina-NATO kengashini (NUK) tuzish orqali Ukraina maqomini oshirishga harakat qilmoqdalar, bu birinchi navbatda siyosiy hamkorlikni mustahkamlaydi”, deb yozadi portal Bryusseldagi alyans vakillariga tayanib. 

Aytilishicha, Osloda NUKni tuzilish shakli va muddatidan tashqari, Ukraina Qurolli Kuchlarining qarshi hujumi oldidan Kiyevga harbiy yordamni oshirish zarurati muhokama qilinadi.

Manbaga ko‘ra, NUK maqomi Kiyevga NATO yig‘ilishlarida “taklif etilgan davlat” emas, balki “to‘liqonli ishtirokchi” sifatida qatnashish imkonini beradi. Ukrainaliklar uchrashuvlarni o‘zlari chaqirishlari mumkin bo‘adi, bu esa ma’lumot almashishni osonlashtiradi. Bundan tashqari, ushbu format hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni ochib beradi, jumladan, razvedka, harbiy sanoat, qo‘shma mashg‘ulotlar, shuningdek, Ukraina Qurolli Kuchlari va a’zo mamlakatlar qurolli kuchlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni kengaytiradi.

Ta’kidlanishicha, turli rasmiylar Ukrainaning hozirgi bosqichda NATOga kirishi mumkin emasligini tan olgan. Shunga qaramasdan, ular alyansdan “ishonchli signal” kutmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 may kuni Kopengagendagi “Demokratiya sammiti”da so‘zga chiqqan NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Vilnyusda bo‘lib o‘tadigan sammitda alyansa a’zolaridan Ukraina ittifoqqa qo‘shishga rozi bo‘lishini kutishini bildirgandi. Keyinchalik, u Ukrainaning hududiy yaxlitligini himoya qilish masalasida uni qo‘llab-quvvatlash NATOni urush ishtirokchisiga aylantirmasligini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Ukraina Kiev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing