NATO Ukrainadagi mojaroning bir qismi bo‘lmaydi – Shols
Olam
−
26 iyun
5693Germaniya kansleri Olaf Sholsning aytishicha, NATO Ukrainadagi mojaroning bir qismi emas va bo‘lmaydi ham. Bu haqda u Bundestagda so‘z ochdi.
“NATO sammitida Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni muvofiqlashtirish va [Ukraina Qurolli Kuchlarini] tayyorlashda uning rolini kuchaytirish muhokama qilinadi. Shu bilan birga, bu aniq va men uchun shuni aytishim muhim: biz qilayotgan ish tufayli NATO mojaroning bir qismi bo‘lmaydi. Biz bu chegarani kesib o‘tmaymiz”, deydi Shols.
Kansler NATO doirasida bu masalada yakdillik borligini ta’kidladi.
“Transatlantik xavfsizlik muhim ahamiyatga ega, shu jumladan Ukraina uchun xavfsizlik istiqbollari haqida o‘ylaganimizda”, deb ta’kidlaydi Shols.
Ma’lumot uchun, 9-11 iyul kunlari AQSH poytaxtida NATOning navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tadi. Amerika ma’muriyati vakillari Kiyev Vashingtondagi uchrashuvda Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilish taklifini olmasligini bir necha bor ta’kidlagan.
2023 yil 11 iyulda Vilnyusdagi NATO sammitida yakuniy bayonot qabul qilindi, unda Ukrainaning alyansda kelajagi borligiga ishonch bildirildi, ammo NATOga qo‘shilish taklifi Kiyevga “ittifoqchilar bir kelishuvga kelganda va Kiyev oldiga qo‘yilgan shartlarga rioya qilinganda yuborilishi mumkinligi” ta’kidlandi. Qabul qilishning taxminiy vaqti aytilmagan.
Vilnyusdagi sammit oldidan Kiyevdan a’zolikka taklifnoma olish istagi haqida qat’iy bayonotlar yangragan.
2022 yil sentyabrida Ukraina Shimoliy Atlantika alyansiga tezlashtirilgan asosda qo‘shilish uchun ariza berdi.
NATO Ukraina mojaro holatida ekan, alyansga qo‘shilish mumkin emasligini bir necha bor ta’kidlagan.
LiveBarchasi