NATO Trampga Grenlandiya bo‘yicha yangi kelishuv taklif qildi – CNN
Olam
−
20 yanvar 5513 2 daqiqa
NATO Bosh kotibi Mark Ryutte AQSH Prezidenti Donald Trampga Grenlandiya masalasi bo‘yicha yangi kelishuv taklif qildi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Taklif Grenlandiyani AQSH tarkibiga qo‘shib olish rejasini bekor qilib, 1951 yildan beri amal qilayotgan Mudofaa shartnomasini qayta ko‘rib chiqishni, Xitoy investitsiyalariga nisbatan cheklovlar o‘rnatishni nazarda tutadi.
Ryutte o‘zining diplomatik tashabbusi bilan ittifoqchilar o‘rtasidagi tarang munosabatlarni bir qadar yumshatishga, mojaro va urushlarning oldini olishga harakat qilgan.
CNN manbalarining xabar berishicha, Tramp bilan yaqin munosabatda bo‘lgan 3 yevropalik rahbar – Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer, NATO Bosh kotibi Mark Ryutte va Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni masalani telefon orqali tinch yo‘l bilan hal etishga harakat qilgan. Ryutte shuningdek, Daniyani qo‘shimcha harbiy kuch yubormaslikka chaqirgan.
Grenlandiya Daniya Qirolligining avtonom hududi hisoblanadi. Tramp bir necha bor uni AQSH tarkibiga qo‘shib olish niyati borligini bildirgan. Sabab sifatida Rossiya va Xitoy tarafdan kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni ko‘rsatgan. Ammo “Financial times” nashrining NATO razvedkasiga tayanib xabar berishicha, oxirgi yillarda Grenlandiya sohillarida Rossiya va Xitoy kemalarining harakati kuzatilmagan.
Grenlandiya Bosh vaziri Yens-Frederik Nilsen orol Daniyaning bir qismi bo‘lib qolishini aytgan. Yevropa Ittifoqi esa Trampning boj tahdidlariga javoban chora-tadbirlarni ko‘rib chiqmoqda. AQSH bilan razvedka ma’lumot almashishni cheklagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Grenlandiya ustidan nazorat o‘rnatish rejasini qo‘llab-quvvatlamagan davlatlardan import qilinadigan tovarlarga nisbatan 10 foizlik boj solishini e’lon qilgan edi. Grenlandiya atrofidagi vaziyat sabab joriy yilning 22 yanvar kuni Yevropa Ittifoqining favqulodda sammiti o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Unda YeI davlatlari va hukumat rahbarlari Trampning Germaniya va yana yetti Yevropa davlatiga nisbatan 10 foizlik tariflar joriy etish tahdidiga umumiy javob choralarini muhokama qiladi.
Bungacha AQSH tomonidan bildirilgan iqtisodiy tahdidlardan so‘ng Yevropa Parlamenti a’zolari Yevropa Ittifoqi va AQSH o‘rtasidagi transatlantik savdo shartnomasini ratifikatsiya qilish jarayoni to‘xtatilishi mumkinligini bildirgan edi. Mazkur kelishuvga ko‘ra, YeI AQSH eksportiga bojlarni bekor qilishi, evaziga esa AQSH YeI importiga 15 foizlik tarif joriy etishi ko‘zda tutilgan.
Mazkur mojaro Grenlandiya masalasida AQSH va Daniya o‘rtasida yuzaga kelgan qarama-qarshiliklar bilan bog‘liq. Hozirda Grenlandiya Daniya qirolligi tarkibidagi avtonom hudud hisoblanadi. Daniya va boshqa Yevropa rasmiylari orol, allaqachon NATOning kollektiv mudofaa tizimi bilan himoyalanganini ta’kidlamoqda.
Bundan tashqari, Grenlandiyada AQSH harbiylarining mavjudligi 1951 yilda imzolangan kelishuv bilan kafolatlangan. Ushbu kelishuvga ko‘ra, Vashington qo‘shimcha qo‘shin yuborishni istasa, Daniya hukumatini shunchaki xabardor qilishi kifoya.
Live
Barchasi