NATO sammitida 24 davlat yetakchilari “Ukraina shartnomasi”ni imzoladi
Olam
−
12 iyul
6422Vashingtondagi NATO sammiti doirasida “Ukraina shartnomasi” deb nomlangan hujjat qabul qilindi. Uni imzolagan rahbarlar tashabbuslar to‘plamini amalga oshirishga va’da berdi. Hujjat matni Yevropa Komissiyasining veb-saytida e’lon qilindi.
Hujjatni jami 24 davlat Prezidentlari va Bosh vazirlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi rahbarlari imzolagan. Mamlakatlar “kelajakda Rossiya hujumi” sodir bo‘lgan taqdirda yuqori darajada uchrashishga va Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni muhokama qilishga va’da berdi.
Hujjatni AQSH, Belgiya, Kanada, Chexiya, Daniya, Estoniya, Finlyandiya, Fransiya, Germaniya, Islandiya, Italiya, Yaponiya, Latviya, Litva, Lyuksemburg, Niderlandiya, Norvegiya, Polsha, Portugaliya, Sloveniya, Ispaniya, Shvetsiya, Buyuk Britaniya va Ukraina, shuningdek, Yevropa kengashi va Yevropa komissiyasi rahbarlari imzoladi.
NATO tarkibiga 32 davlat kiradi. Yaponiya ittifoqqa a’zo bo‘lmagan davlatlar ro‘yxatidagi yagona davlatdir. Hujjatni imzolamagan NATO davlatlari orasida Albaniya, Bolgariya, Vengriya, Gretsiya, Shimoliy Makedoniya, Ruminiya, Slovakiya, Turkiya, Xorvatiya va Chernogoriya bor.
Maktubning o‘zida uni imzolagan davlatlar soni bo‘yicha tafovutlar bor: birinchi xatboshida Ukrainadan tashqari 21 ta davlat, ikkinchisida 20 ta davlat, matn oxirida esa Ukrainadan tashqari 23 ta davlat ko‘rsatilgan.
“Bugun biz qo‘shma deklaratsiyada (NATO sammitida) hamda imzolagan tomonlarning har biri tuzgan xavfsizlik kelishuvlari va shartnomalarida belgilanganidek, Ukrainaning keng qamrovli xavfsizlik ehtiyojlarini qondirish bo‘yicha jamoaviy sa’y-harakatlarimizni muvofiqlashtirish va tezlashtirish uchun Ukraina shartnomasini e’lon qilamiz”, deyiladi Yevropa komissiyasi saytida e’lon qilingan hujjatda.
Imzolovchilar Ukrainani “Rossiya agressiyasini yengmagunicha” qo‘llab-quvvatlashlarini bildirishgan. Tomonlar o‘zini himoya qilishga qodir bo‘lgan erkin, mustaqil, demokratik va suveren Ukrainaga sodiqliklarini e’lon qildi.
Bundan tashqari, ular Ukrainaning Yevro-Atlantika intilishlari uchun muhim bo‘lgan demokratiyani mustahkamlash, qonun ustuvorligi, inson huquqlari va ommaviy axborot vositalari erkinligini hurmat qilish bilan bog‘liq islohotlarga sodiqligini qayd etdi.
Umuman olganda, shartnoma imzolagan tomonlarning uchta majburiyatini belgilaydi.
- Birinchisi – mudofaa va xavfsizlik sohasida Ukrainani qo‘llab-quvvatlash.
- Ikkinchisi – mudofaa va oldini olish qobiliyatini qo‘llab-quvvatlay oladigan “kelajak kuchlarini” yaratish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirish.
- Uchinchisi – “hozirgi jangovar harakatlar tugagandan so‘ng Rossiya tomonidan kelajakda Ukrainaga qurolli hujum uyushtirilsa, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keyingi qadamlarni aniqlash uchun zudlik bilan va birgalikda eng yuqori darajada yig‘ilish”.
Taxminlarga ko‘ra, “kelajakda hujum” sodir bo‘lgan taqdirda, Ukrainaga xavfsizlik bo‘yicha yordam ko‘rsatiladi va Rossiyaga qarshi cheklovlar qo‘yiladi.
LiveBarchasi