NATO Rossiya aholisining birlashishiga “yordam berdi” – Lavrov
Olam
−
26 aprel 2023
8046Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov NATOning Rossiyani parchalashga urinishlari mamlakat aholisining birlashishiga olib kelganini aytdi. Bu haqda u Rossiyaning BMT Xavfsizlik kengashiga raisligi doirasida Nyu-Yorkka tashrifi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Rossiya NATOning kengayishiga to‘sqinlik qilishga urinib ko‘rdi, lekin oxir-oqibat uni tezlashtirdi, degan tezis sizning “qo‘ng‘iroq minorangiz”dan yangrab turadi. Bizda ham o‘zimizning “qo‘ng‘iroq minoralarimiz” bor. Biroq Rossiya Federatsiyasi va xorijdagi xolis kuzatuvchilar va siyosatshunoslarning bergan baholari shundan iboratki, NATO Rossiyani yo‘q qilmoqchi bo‘lgan, lekin oxir-oqibat uni jipslashtirgan”, degan Lavrov.
Shuningdek, Rossiya diplomatiyasi rahbari AQSHning rossiyalik jurnalistlarga viza berishdan bosh tortganiga ham e’tibor qaratgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashingtonga Moskvadan nimadir kerak bo‘lsa, Rossiya o‘zining jurnalistlariga vizaning berilmasligi bilan bog‘liq vaziyatni yodda tutadi.
“Javobimizga kelsak, biz Amerika rahbariyatining bunday noinsof xatti-harakatlarini albatta yodda tutamiz, mening tushunishimcha, qaror Davlat departamentida qabul qilingan. Amerikaliklarga bizdan nimadir kerak bo‘lganda buni hisobga olamiz”, degan Rossiya Tashqi ishlar vaziri.
Bundan tashqari, Lavrov don bitimini uzaytirish istiqbollarini ham baholagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, g‘alla bitimi atrofidagi vaziyat boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. U BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning kelishuv bo‘yicha sa’y-harakatlarini qayd etgan, biroq Rossiya qishloq xo‘jaligi eksporti masalasida deyarli hech qanday natija yo‘q ekanini aytgan.
Ukrainadagi vaziyatga kelsak, Lavrov Ukraina Qurolli kuchlarining qarshi hujumidan keyin bo‘ladigan Moskva va Kiyev o‘rtasidagi muzokaralar haqidagi bayonotlarni “shizofreniya” deb atagan.
“Endi bu bema’ni nazariya paydo bo‘ldi: keling, endi Ukrainani muvaffaqiyatli qarshi hujum bilan ta’minlaylik va keyin Ukrainadan, Zelenskiydan muzokaralarni boshlashni so‘raylik. Bu qandaydir shizofreniya mantiqidir”, deya kinoya qilgan Lavrov.
Bundan tashqari, Lavrov Rossiya Federatsiyasi va AQSHning hibsdagi fuqarolarini almashish masalasini muhokama qilish uchun maxsus kanal yaratilganini aytdi.
“Prezident Bayden va Prezident Putinning 2021 yil iyun oyida Jenevada bo‘lib o‘tgan uchrashuvida erishilgan kelishuvga ko‘ra, AQSHda hibsga olingan Rossiya fuqarolari va Rossiya Federatsiyasida hibsga olingan Amerika fuqarolari masalalarini muhokama qilish uchun maxsus kanal yaratildi”, deya ta’kidlagan Rossiya Tashqi ishlar vaziri.
LiveBarchasi