NATO kuchlari Afg‘onistondagi asosiy harbiy bazasini tark etdi 

Olam

image

Amerika va NATO kuchlari Afg‘onistonning Parvan viloyati Bagram shahridagi aviabazani tark etdi. Bu haqda bugun, 2 iyul kuni AQSH Mudofaa vazirligi vakili ma’lum qildi.

“Barcha koalitsiya kuchlari Bagramdan chiqib ketdi”, deyiladi xabarda. Biroq, harbiylar qachon ushbu bazani tark etgani hamda qachon harbiy hudud Afg‘oniston Qurolli kuchlariga qaytarilishi haqida ma’lumot berilmagan.

Qayd etish kerakki, G‘arb kuchlarining Afg‘onistondagi 20 yillik operatsiyalari vaqtida ushbu Bagram asosiy harbiy baza bo‘lib xizmat qilgan. U mamlakat poytaxti Kobuldan atigi 60 km uzoqlikda joylashgan.

Eslatib o‘tamiz, shu vaqtga qadar Italiya va Germaniya Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishga ulgurgan. AQSH ham jarayonni tezlashtirgan. Ba’zi manbalarga ko‘ra, Amerika mustaqillik kuni — 4 iyulga qadar barcha qo‘shinlarini olib chiqib ketishi mumkin.

Faollashgan "Tolibon"

Qayd etish kerakki, AQSH o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishni boshlagandan beri “Tolibon” keskin harakat qilmoqda. Tasdiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi o‘n kun ichida Afg‘onistonning Tojikiston bilan chegaradosh to‘rt viloyatida hukumat kuchlari va “Tolibon” o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lgan.

Natijada Tahor viloyatining Chaheb, Yangi Kal’a, Darkad, Dashti Qal’a, Xojag‘or tumanlari, Qunduz viloyatining Dashti Archi, Imom Sohib va Qal’ai Zol tumanlari, shuningdek Sherxon-Bandar va Kokul nazorat punktlari “Tolibon” nazorati ostiga o‘tdi. BMT ma’lumotiga ko‘ra, 22 iyun holatiga Afg‘onistonning 50 dan ortiq tumanini egallagan. 

So‘nggi kunlarda toliblar bilan janglarda og‘ir zarbaga uchragan afg‘on qo‘shinlarining qo‘shni respublikalar hududiga qochib o‘tish holatlari kuzatildi. Jumladan, joriy yilning 22 iyun kuni 130 dan ortiq afg‘on harbiylari chegaradosh Tojikistonga, 23 iyun kuni esa ularning 53 nafari O‘zbekistonga qochib o‘tgan.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston AQSh NATO Bagram

Baholaganlar

112

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing