NATO davlatlari Ukrainani qurollantirish uchun qancha pul sarflagani ma’lum bo‘ldi
Olam
−
03 aprel 2023
7768NATOga a’zo mamlakatlar Ukrainada urush boshlanganidan beri Kiyevga umumiy qiymati 65 milliard yevrolik qurol-yarog‘ yetkazib berdi. Bu haqda alyans Bosh kotibi Yens Stoltenberg Bryusseldagi NATO davlatlari Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishi oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Ittifoqchilar Ukrainaga 65 milliard yevro miqdorida harbiy yordam berdilar va men Ukrainaga zamonaviy tanklar va boshqa bronetransportyorlar kela boshlaganini olqishlayman”, degan Stoltenberg.
NATO Bosh kotibining aytishicha, yaqin kelajakda alyans Ukraina armiyasi ehtiyojlari uchun “ko‘p yillik qurol yetkazib berish” dasturini tayyorlamoqda. Shuningdek, u tez kunlarda NATO davlatlari Ukraina Qurolli Kuchlarining kutilayotgan qarshi hujumi arafasida Ukrainaga harbiy yordamni kuchaytirish niyatida ekanini bildirgan. Stoltenbergning tushuntirishicha, alyans Kiyevga Sovet qurollaridan G‘arb qurollariga o‘tishda yordam beradi.
Shuningdek, Stoltenberg nafaqat alyansga a’zo davlatlar rasmiylari, balki Shimoliy Atlantika ittifoqi mamlakatlari harbiy-sanoat majmuasi korxonalari ham Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha faol ish olib borayotganini ma’lum qilgan.
Masalan, Germaniyaning Rheinmetall mudofaa konserni Ruminiyada Ukraina bilan chegarada Kiyev tomonidan qo‘llanilgan qurollarga xizmat ko‘rsatish markazi qurmoqda. Unda gaubitsalar, Germaniya va Britaniyada ishlab chiqarilgan Leopard va Challenger tanklari, shuningdek, Marder piyodalarining jangovar mashinalari, Fuchs zirhli transportyorlari va harbiy yuk mashinalariga xizmat ko‘rsatiladi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSHning Ukrainaga 2,6 milliard dollarlik yangi harbiy yordam paketi e’lon qilinishi aytilgandi. Shuningdek, Ukraina Yevropa va AQSHdan ajratilgan mablag‘lar hisobiga Polshadan mamlakatda ishlab chiqarilgan 100 dona Rosomak bronetransportyorlarini sotib olayotgani ma’lum bo‘lgan.
LiveBarchasi