NATO Boltiq dengizida yangi harbiy shtab ochdi

Olam

image

NATO Boltiq dengizidagi vaziyatni doimiy kuzatish uchun mo‘ljallangan yangi harbiy-dengiz shtabini ochdi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pistorius mamlakatning Rostok shahrida NATOning Boltiq dengizidagi vaziyatni doimiy kuzatishi uchun mo‘ljallangan yangi harbiy-dengiz shtabini tantanali ochib bergan. O‘z nutqida u mintaqaning strategik ahamiyatini alohida ta’kidlab, uning Rossiyaga yaqin geografik joylashuvi haqida gapirgan. U, shuningdek, Rossiya to‘xtovsiz tajovuzni amalga oshirayotgani, mintaqani beqarorlashtirishga qaratilgan harakatlar qilayotganini bildirgan.

“Yangi shtab NATO manfaatlarini himoya qilishda muhim rol o‘ynaydi, ayniqsa, Rossiyaga yaqinligini inobatga olgan holda”, dedi Pistorius.

Bundan tashqari, u Rossiyaning tajovuzi turli shakllarda namoyon bo‘layotganini – gibrid harakatlardan tortib kiberhujumlarga qadar davom etayotganini hamda ushbu harakatlar tinchlik va urush o‘rtasidagi chegaralarni xiralashtirib, Yevropa xavfsizligini izdan chiqarayotganini, ishonchni buzayotganini va Moskva ta’sirini kuchaytirishga yordam berayotganini ham qayd etgan.

“Biz Putin yutib chiqmasligi uchun bor kuchimizni sarflashimiz kerak. Biz o‘zimizni himoya qilish va NATOning sharqiy qanotidagi hamkorlarimizni qo‘llab-quvvatlashimiz shart”, deydi vazir.

Pistoriusga ko‘ra, Boltiq dengizi Shimoliy Yevropadagi eng muhim strategik mintaqalardan biri. Ushbu mintaqa nafaqat harbiy, balki iqtisodiy jihatdan ham muhim rol o‘ynaydi. Bu yerda yirik shamol elektr stansiyalari joylashgan, minglab kilometr kabel va quvurlar yotqizilgan, ko‘plab portlar faoliyat yuritmoqda.

“Germaniya mintaqadagi g‘arbiy davlatlar orasida eng katta harbiy floti va dengiz amaliyotlarida sezilarli tajribasi hamda bilimlariga ega bo‘lgan davlat sifatida endi Boltiq dengizi xavfsizligi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmoqda”, dedi Pistorius.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Litva Rossiya chegarasida Germaniya Qurolli kuchlarining 4000 askarini joylashtiradigan harbiy baza qurishni boshlagan edi. Litva armiyasi bosh qo‘mondoni Raymundas Vaykshnorasning hisob-kitoblariga ko‘ra, yaqin uch yilda bazani rivojlantirish uchun 1 milliard yevrodan ortiq mablag‘ sarflanadi. 


Maqola muallifi

Teglar

NATO Boltiq dengizi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing