NASA Putin va Mask o‘rtasidagi aloqani tekshirishni talab qilmoqda – CNN
Olam
−
26 Oktabr
3845AQSH Milliy aeronavtika va koinot boshqarmasi (NASA) rahbari Bill Nelson SpaceX asoschisi, milliarder Ilon Mask va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o‘rtasidagi muntazam aloqalar haqida xabardan so‘ng tergov o‘tkazishni talab qildi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Avvalroq, “The Wall Street Journal” Mask va Putin 2022 yil oxiridan boshlab shaxsiy masalalar, ishbilarmonlik va geosiyosiy ziddiyatlarni muhokama qilgani, bu esa milliy xavfsizlik masalalarini keltirib chiqarishi haqida xabar bergan edi. Sababi SpaceX kompaniyasining NASA va AQSH harbiylari bilan aloqalari Maskka AQSH hukumatining maxfiy ma’lumotlari va razvedka ma’lumotlariga kirish imkonini berishi mumkin.
“Bu xabar rost yoki yo‘qligini bilmayman. Menimcha, ushbu masala tergov qilinishi kerak. Agar Ilon Mask va Rossiya Prezidenti o‘rtasida bir necha marta suhbat bo‘lgani haqidagi ma’lumotlar to‘g‘ri bo‘lsa, bu ayniqsa NASA, Mudofaa vazirligi va ba’zi razvedka agentliklarini xavotirga soladi”, dedi Nelson.
Qayd etilishicha, o‘tgan yili ham bir qator rasmiylar Maskning Rossiya kabi AQSHning dushmanlari bilan hamkorligi borasidagi xavotirlarini bildirgan. Biroq, CNN manbalariga ko‘ra, AQSH razvedka hamjamiyati bu aloqalarni Mask AQSH fuqarosi bo‘lgani sababli chuqur o‘rganishdan ehtiyot bo‘lmoqda.
“The Wall Street Journal” nashri esa Mask va Putin o‘rtasidagi suhbatlar hukumat tomonidan qat’iy sir saqlanayotganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Ilon Mask Vladimir Putin bilan muntazam aloqa qilayotgani haqidagi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qilgan edi.
LiveBarchasi