NASA Marsga vertolyot yubormoqchi
Bu qiziq
−
25 mart 1454 2 daqiqa
AQSH Milliy aeronavtika va koinot boshqarmasi (NASA) Marsni o‘rganish uchun u yerga “Ingenuity” tipidagi robotlashtirilgan vertolyotlarni yuborishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kecha, 24 mart kuni NASA rahbari Jared Ayzekman Vashingtondagi konferensiyada ma’lum qildi.
“Biz 2028 yil oxirigacha o‘z turidagi birinchi bo‘lgan SR-1 (Space Reactor 1) Freedom sayyoralararo missiyasini boshlaymiz”, deydi u.
NASA’ning aniqlik kiritishicha, gap Marsga yadroviy kuch qurilmasiga ega koinot kemasini yuborish haqida bormoqda. Ayzekmanning so‘zlariga ko‘ra, apparat uchirilganidan bir yil o‘tib Marsga yetib boradi va Qizil sayyorani yanada ichkariroq tadqiq qilish uchun “Ingenuity” toifasidagi vertolyotlarni yetkazib beradi.
Ayzekman SR-1 Freedom apparati va vertolyotlarning texnik xususiyatlari haqida batafsil ma’lumot bermagan. Shuningdek, u vertolyotlar soni qancha bo‘lishiga ham aniqlik kiritmagan.
Ma’lumot uchun, NASA “Ingenuity” deb nomlangan vertolyotdan 2021–2024 yillarda Marsni tadqiq qilishda foydalangan. Qurilma 2021 yil fevral oyida “Perseverance” Mars roveri bilan birga Qizil sayyoraga yetkazilgan. Vertolyot jami 72 ta parvozni amalga oshirgan. Agentlikning qayd etishicha, vazni taxminan 1,8 kg bo‘lgan ushbu uchish apparatini ishlab chiqish 80 million dollarga tushgan. NASA “Ingenuity”dan Mars roveri yetib bora olmaydigan hududlarni o‘rganish, sayyora yuzasining uch o‘lchovli (3D) xaritalarini yaratish va boshqa ilmiy vazifalarni bajarish uchun foydalangan. 2024 yil yanvar oyida NASA mutaxassislari vertolyot shikastlangani sababli undan foydalanishni to‘xtatganliklarini ma’lum qilgan. Ular “Ingenuity” kutilganidan ham a’lo natija ko‘rsatganini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yerga o‘xshash sayyoralar koinotda ilgari o‘ylanganidan ancha ko‘p uchrashi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi