NASA kosmosga yangi noyob teleskopni uchiradi
Bu qiziq
−
20:27 406 2 daqiqa
AQSH Milliy aeronavtika va koinotni tadqiq qilish boshqarmasi (NASA) “Nensi Greys Roman” kosmik teleskopini uchirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. SpaceX kompaniyasining Falcon Heavy raketasi uchirilishi joriy yil 30 avgustga rejalashtirilgan. Parvoz dastlabki jadvaldan to‘qqiz oy oldin amalga oshiriladi. Bu haqda NASA xabar berdi.
Qayd etilishicha, yangi apparatning asosiy afzalligi – teleskopning ko‘rish maydoni “Xabbl”nikiga qaraganda kamida 100 baravar kengroq.
Teleskop o‘z xizmati davomida taxminan 1 milliard galaktikadan kelayotgan nurlanishni qayd etadi. Bu “Xabbl” tomonidan 37 yillik kuzatuvlar davomida to‘plangan ma’lumotlar hajmidan sezilarli darajada ko‘p. Observatoriya ikkita ilmiy uskuna bilan ta’minlangan: infraqizil xaritalarni yaratish va gravitatsion mikrolinzalash usuli bilan ekzoplanetalarni qidirish uchun keng maydonli kamera hamda olis olamlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri tasvirlarini olish uchun koronograf.
Teleskop Yerdan taxminan 1,5 million kilometr uzoqlikdagi masofaga – “Jeyms Uebb” observatoriyasi faoliyat yuritayotgan nuqtaga yo‘l oladi. Missiyaning asosiy vazifalari qorong‘u energiya va qorong‘u materiya tabiatini ochib berish hamda Somon Yo‘li sayyora tizimlarining batafsil ro‘yxatini tuzishdan iborat bo‘ladi.
Kosmik apparat NASA’ning birinchi bosh astronomi Nensi Greys Roman sharafiga nomlangan. U birinchi orbital teleskopni yaratishga qo‘shgan katta hissasi uchun ilmiy hamjamiyatda “Xabblning onasi” deb ataladi.
Yangi observatoriya bir joyda joylashgan “Jeyms Uebb” teleskopining ishini to‘ldiradi: “Uebb” aniq nuqtadagi ob’ektlarni batafsil o‘rganish bilan shug‘ullansa, Nensi Roman teleskopi Koinotning keng miqyosli hududlarini panoramali ko‘rinishini ta’minlaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ilon Mask kompaniyasining 8700 km/soat tezlikda harakatlanayotgan raketasi Oy yuzasiga borib urilgandi.
Live
Barchasi