Narkotik sotayotgan ona va uning ikki o‘g‘li qo‘lga olindi (video)
3-sahifa
−
19 noyabr 2025 5639 2 daqiqa
Toshkent shahrida giyohvandlik vositalarini kontrabanda yo‘li bilan Tojikistondan olib kelib, uni sotish bilan shug‘ullanib kelgan oila a’zolari qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Xususan, Toshkent viloyatida “Ohangaron – Piskent” yo‘nalishida harakatlanayotgan, oldindan kuzatuvga olingan Equinox rusumli avtotransport vositasi tekshirish maqsadida to‘xtatildi. Natijada, avtomashinada bo‘lgan Toshkent shahrida yashovchi, 1976 yilda tug‘ilgan ayol va uning 1999 yilda tug‘ilgan o‘g‘li tojikistonlik tanishlari tomonidan kontrabanda yo‘li bilan Toshkent viloyati hududiga o‘tkazilib, xufiya joyda qoldirilgan giyohvandlik vositasini olib ketish uchun ketayotgani ma’lum bo‘ldi.
So‘ngra ularning uyali aloqa vositalari tekshirilganida, tojikistonlik shaxs tomonidan Telegram messenjeri orqali narkotik moddaning geolokatsiyasi va fotosuratlari yuborilgani aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirildi hamda Piskent tumani hududidagi yo‘l chetiga yashirib ketilgan 4 kg 985 gr “gashish” moddasi ashyoviy dalil sifatida olindi.
Shuningdek, ularning Olmazor tumanidagi yashash xonadonidan ham 1 kg 124 gr “opiy” va 1 kg 976 gr “gashish” moddalari olindi.
Bundan tashqari, ayolning 1996 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan o‘g‘li ham protsessual tartibda ushlandi.
Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 28, 246-moddasi ikkinchi qismi va 25, 273-moddasi beshinchi qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent, Farg‘ona va Andijon viloyatida jami 25 ming dozani tashkil qilgan 12,5 kilogramm giyohvandlik vositalari aniqlangandi.
Live
Barchasi