“Narxoz”dagi ozodlik “mutlaq ozodlik emas”ligi ma’lum bo‘ldi

Jamiyat

image

Avvalroq, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti joriy yilning 25 noyabridan boshlab 5 kunlik ta’lim tizimiga o‘tgani, universitetda mavjud bo‘lgan qat’iy forma ham bekor qilingan haqida xabar bergan edik. “Narxoz” matbuot kotibi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan shov-shuvdan keyin ozodlik “mutlaq ozodlik emasligini” aytib chiqdi. Jumladan, u shunday deb yozadi: 

“Haqiqatan ham, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida 2019 yil 25 noyabrdan boshlab besh kunlik ta’lim tizimiga o‘tish belgilangan. Bunda talabalar haftaning 5 kuni davomida nazariy bilimlarni egallashsa, haftaning shanba kunida mustaqil ta’lim bilan mashg‘ul bo‘ladilar”.

TDIUdagi yangi tartiblar haqida ilk bor “Xalq so‘zi” nashri yozgan edi. Matbuot kotibi ushbu nashr xabariga e’tiroz bildirib shunday deydi:

“Shu o‘rinda aytib o‘tishni joiz deb bilamizki, “Xalq so‘zi” va uning qandaydir manbasiga tayanib berilgan ma’lumot noto‘g‘ri talqin etilgan. Xabardan anglashiladiki, endi talabalar uchun shanba va yakshanba kunlari dam olish ekan (faqat yakshanba dam olish kuni, shanba mustaqil ta’lim kuni).

Shuningdek, xabarda universitetdagi kiyinish tartibi haqida ham o‘rinsiz yondashuv mavjud. To‘g‘ri, talabalarning kiyinishi bo‘yicha erkinlik berildi. Ammo universitet jamoatchilik kengashi va talabalar tomonidan ma’qullangan ichki tartib-qoidalariga rioya qilinishi zarurligi belgilab qo‘yilmoqda. Albatta, bunda talabalik odobiga rioya qilgan, ta’lim dargohi – madaniyat o‘chog‘i ekanligini yoddan chiqarmagan holda kiyinish tavsiya etilmoqda. Bu o‘z navbatida, “Xalq so‘zi” ta’biri bilan aytganda, “universitet talabasi istalgan kiyimda o‘qishga kelishi va darslarda ishtirok etishi mumkin” degani emas.

Bunday xabarlarni tarqatishdan avval rasmiy shaxslardan, jumladan, universitet matbuot kotibidan (+998974404504 telefon raqami orqali) ma’lumot olish o‘rinli bo‘lar edi”.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti

Baholaganlar

140

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing