Narx oshish ehtimoli yuqori bo‘lgan hududlarga 220 ming tonna mahsulot yetkazildi
Jamiyat
−
10 dekabr 2020
4318O‘zbekistonda narx oshishi ehtimoli yuqori bo‘lgan hududlarga 220 ming tonna mahsulotlar keltirilib, narxlar mo‘’tadillashtirib borilyapti. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot xizmati xabar berdi.
“Ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini manipulyatsiya qilish, ularga bo‘lgan sun’iy tanqislikni vujudga keltirishga qarshi kurashish orqali narxlarning barqarorligini ta’minlash borasida prokuratura organlari tomonidan barcha zaruriy choralar ko‘rib kelinmoqda”, deyiladi idora xabarida.
Qayd etilishicha, dehqon bozorlarida 1 830 ta rasta va savdo nuqtadan iborat oziq-ovqat mahsulotlarining arzonlashtirilgan yarmarkalari tashkil etilib, ularda mahsulotlar boshqa rastalarga nisbatan arzon sotilmoqda.
Qish-bahor mavsumida zaxira tadbirlarini tashkil etishning moddiy asoslari yaratilib, tasdiqlangan grafikka muvofiq, mahalliy hokimliklar tomonidan bugungi kun holatiga 791,4 ming tonna yoki rejaga nisbatan 99,6 foiz asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining zaxirasi jamg‘arilgan.
Aholiga qulaylik yaratish maqsadida kichik ekobozorlarni tashkil etish bo‘yicha zarur yer maydoni ajratilib, tarmoq jadvallariga muvofiq 10 dekabr holatiga ularning 363 tasi foydalanishga topshirildi.
Ma’lum qilinishicha, narxlarni asossiz oshirish holatlariga nisbatan o‘tkazilgan tadbirlar natijasida mahsulotni qimmat sotilishining oldi olinib, jiddiy qonunbuzilish holatlari bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilmoqda.
Hozirda mahalliy hokimliklar bilan birgalikda Yangi yil bayrami arafasida arzonlashtirilgan mahsulotlar yarmarkasi o‘tkaziladigan joylar belgilanib, dehqon-fermerlarni biriktirish ishlari amalga oshirilmoqda.
“Fuqarolar asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining asossiz ravishda oshirilish holatlariga, shuningdek ishlab chiqaruvchilar, fermerlar, dehqon xo‘jaliklari hamda tomorqa yer egalari dehqon bozorlarida o‘z mahsulotlarini sotishda turli to‘siqlarga duch kelgan taqdirda Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning 71 233 10 07 raqamli ishonch telefoniga murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tamiz”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi