“Napoli” Italiya Superkubogini qo‘lga kiritdi

Sport

image

Kecha, 22 dekabr kuni Saudiya Arabistonidagi “Al-Avval Park” stadionida Italiya Superkubogi final uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda “Napoli” jamoasi “Bolonya”ni 2:0 hisobida mag‘lub etib Superkubok sohibiga aylandi. 

Antonio Konte boshchiligidagi neapolliklar uchrashuvning dastlabki daqiqalaridanoq tashabbusni qo‘lga olib, raqib darvozasi oldida ketma-ket xavfli vaziyatlar yaratdi. Ularning ustunligi 39-daqiqada o‘z samarasini berdi. David Neres aniq zarbasi bilan hisobni ochdi va “Napoli” birinchi bo‘limni 1:0 hisobidagi ustunlik bilan yakunladi.

Ikkinchi bo‘lim boshida “Bolonya” hisobni tenglashtirish uchun qulay imkoniyatlarga ega bo‘ldi, biroq yaratilgan vaziyatlardan unumli foydalana olmadi. 57-daqiqada esa neapolliklar hujumlarni yanada faollashtirib, yana bir bor raqibni jazoladi. David Neres dubl qayd etib, “Napoli”ning ustunligini mustahkamladi. Uchrashuv yakuniga qadar hisob o‘zgarmadi.

Shu tariqa, “Napoli” o‘z tarixida uchinchi bor Italiya Superkubogini qo‘lga kiritdi. Antonio Konte esa ushbu musobaqada oltinchi g‘alabasini nishonladi — uchtasiga futbolchi, uchtasiga murabbiy sifatida erishgan.

Ma’lumot uchun, “Napoli” finalgacha yarim finalda “Milan”ni 2:0 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, “Bolonya” boshqa bir Milan jamoasi — “Inter”ni penaltilar seriyasida taslim etib, hal qiluvchi bosqichga yo‘l olgandi.


Maqola muallifi

Teglar

final “Napoli” Italiya Superkubogi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing