Namoz o‘qish va tahorat olish imkoni yo‘q – Senator xorijlik musulmonlarga yaratilmagan sharoitlar haqida gapirdi
Jamiyat
−
28 fevral 2020
9536O‘zbekistonda musumlon davlatlardan keladigan sayyohlarning tahorat olishi va namoz o‘qishi uchun yetarli sharoitlar mavjud emas. Bu fikr bugun, 28 fevral kuni bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining ikkinchi yalpi majlisida o‘rtaga tashlandi.
Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Ilhom Ne’matov so‘zga chiqib, tashqi siyosatni rivojlantirish, mamlakatga turizm oqimini kengaytirish borasida olib borilayotgan islohotlarlar va TIV tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida hisobot berdi. Uning so‘zidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi mintaqaviy bo‘limi - Xorazm Ma’mun akademiyasi ilmiy ishlar bo‘yicha rais o‘rinbosari, senator Gavdar Durdiyeva so‘z olib, O‘zbekistonda musulmon mamlakatlardan sayyohlar oqimini kengaytirish masalasiga to‘xtaldi.
“Juda yaxshi ishlar qilinyapti. Lekin, bir muammo bor-da. Musulmon mamlakatlardan O‘zbekistonga turizm eksporti 10 foizni ham tashkil qilmaydi. Nima uchun, degan savol tug‘iladi. Musulmon davlatlardan fuqarolar aziz avliyolarni ziyorat qilish uchun keladi. Vaholanki, O‘zbekistonda Islom arxitekturasiga oid tarixiy obidalar, masjid va madrasalarni rekonstruksiya qilish chog‘ida namoz o‘qish, tahorat qilish sharoitlari yo‘qolib ketgan. Men o‘zim ko‘p guvohi bo‘lganmanki, musulmon davlatlardan keladigan sayyohlar bizdagi mana shunday tashkiliy masalalarni so‘rab, surishtirib, keyin kelishadi. Agar biz aynan musulmon davlatlardan turizm eksportini oshirishga e’tibor qaratsak, iqtisod juda rivojlanib ketadi. Men bunga aminman. Shuning uchun ham Madaniyat vazirligi bilan birgalikda bu masalani ko‘rib chiqmasak bo‘lmaydi”, deydi Durdiyeva.
Haqiqatan ham O‘zbekiston boy tarixga ega. Islom dinining buyuk olim va ulamolari ham aynan O‘zbekiston zaminida yetishib chiqqan. Bular qatori Imom Al-Buxoriy bilan boshlansa, ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin. Ammo, ziyorat turizmi deya bong urilgani bilan, kamchiliklar talaygina.
Ayni vaqtda dunyo bo‘ylab musulmonlar soni 2,2 milliardni tashkil etmoqda. Ularning 200 millioni har yili u yo bu davlatga sayyoh o‘laroq tashrif buyuradi. O‘zbekistonda 2 milliard emas, 2 million musulmon sayyohni kutib olishga sharoit bormi? Durdiyeva o‘zi ko‘rgan va kuzatganlari haqida shunday deydi:
“Avvallari hamma masjid va madrasalarda namoz o‘qish va tahorat qilish uchun joy bo‘lgan. Lekin rekonstruksiya vaqtida yo‘q bo‘lib ketgan. O‘zim 54 ta tarixiy obidada ilmiy tadqiqot qilganimda, ikkita joydagina topdim. Ular (tahr. musulmon davlatlardan keladigan sayyohlar) bizning sharoitimizni bizdan yaxshi biladi. Agar shu masalaga e’tibor qaratilsa, turizm eksportini 50%ga oshiramiz”.
Mazkur savolga O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Ilhom Ne’matov quyidagicha javob berdi:
“Bu juda muhim savol. 2018 yil Davlatimiz rahbari bizning oldimizga shu masalani qo‘ygan kundan buyon ushbu masala ustida ishlayapmiz. Indoneziyani bilasiz, dunyodagi eng katta musulmon davlat. 200 milliondan ortiq aholisi bor. Indoneziyaga maxsus reys qo‘yildi, lekin ozgina kundan keyin to‘xtadi. Lekin, Kuala-Lumpur orqali uchib kelishyapti. Qolaversa, Saudiya Arabistonida ham vatandoshlarimiz ko‘p va ular nihoyatda boy. To‘g‘risini aytganda, oldin biz ularni qo‘ymasdik. Yaqinda juda boy kompaniyalarning rahbarlari kelib ketdi. Ar-Riyodda qo‘shma komissiyaning yig‘ilishi bo‘lishi kerak. Yig‘ilish kun tartibiga kirgan masalalardan bittasi – ziyorat turizmi bo‘yicha sayyohlar oqimini ko‘paytirish”, deya to‘mtoq va mujmal javob qaytardi Ilhom Ne’matov.
Holbuki, senator va tarixchi Gavhar Durdiyeva diplomatning oldiga aniq va lo‘nda savolni qo‘ygan edi. Muammo bo‘yicha tashqaridan hamkorlar bilan ishlash va yig‘ilishlar o‘tkazish natija bermaydi. Uning yechimi ustida bosh qotirib, Madaniyat vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda aniq amaliy choralar ko‘rish kerak.
Suratlar muallifi: Bahodir Ahmedov
LiveBarchasi