Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev Senatda hisob berishi kutilmoqda
Jamiyat
−
09 aprel 2021
8125Joriy yilning 23 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlis bo‘lib o‘tadi. Unda mamlakat Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev, Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurotovning hisoboti tinglanadi. Bu haqda kecha, 8 aprel kuni Senat Kengashining majlisi qaror qabul qilingan. Majlisni Senat raisi Tanzila Norboyeva olib borgan.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkaziladigan yalpi majlisda bir qator masalalar ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.
• “O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi;
• “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi, “Fazoviy ma’lumotlar to‘g‘risida”gi;
• “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi;
• “Psixiatriya yordami to‘g‘risida”gi;
• “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi;
• “O‘zbekiston Respublikasi, bir tomondan va Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya, ikkinchi tomondan, o‘rtasida sherikchilikni ta’sis etuvchi sherikchilik va hamkorlik to‘g‘risidagi Bitimni (Toshkent, 2019 yil 31 oktyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari shular jumlasidan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2020 yildagi faoliyati, Bosh prokurorning prokuratura organlarining 2020 yildagi faoliyati, Markaziy banki boshqaruvi raisining Markaziy bankining 2020 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlari eshitilishi nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash holati to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish masalasi muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Qolaversa, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlashdagi muammolar, xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlarining amaldagi faoliyati va ularning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovlari natijalari va boshqa masalalar ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan.