Xolmaxmatov qiynoqqa solish jinoyati bo‘yicha amnistiya qo‘llashni taqiqlashni taklif qildi
Jamiyat
−
21 Oktabr 2020
8360O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi mamlakat Jinoyat kodeksining 235-moddasi (Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash)ga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritishni taklif qilmoqda. Bu haqda bugun, 21 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining sakkizinchi yalpi majlisida Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari Abduxalim Xolmaxmatov ma’lum qildi.
Yalpi majlisda qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etilishi holati yuzasidan Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuraturaga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi.
Yalpi majlisda Xolmaxmatov Jinoyat kodeksining 235-moddasida qayd etilgan jinoyatni sodir etganlik bo‘yicha javobgarlikni yanada kuchaytirishni taklif qildi. Unga ko‘ra, qiynoqlarga qarshi kurashish bilan bog‘liq choralar samaradorligini yanada oshirish maqsadida:
• Jinoyat kodeksining 235-moddasining mavjud sanksiyasini yanada kuchaytirish nuqtayi nazaridan takomillashtirish;
• bu jinoyat uchun ozodlikni cheklash jazosini chiqarib tashlash;
• qiynoqni qo‘llash bilan bog‘liq jinoyatlar uchun amnistiya qo‘llashni taqiqlash;
• javobgarlik va jazoga tortish muddat o‘tib ketgani bilan bog‘liq normalarni qiynoqqa solish jinoyatini sodir etgan shaxslarga nisbatan qo‘llamaslik lozim.
Abduxalim Xolmaxmatov ta’kidlashicha, prokuratura organlari parlamentning qiynoqlar borasidagi so‘rovidan yetarlicha xulosa chiqargan.
“O‘ylaymanki, ko‘rilayotgan mana shu choralar, albatta, o‘z samarasini beradi. Biz prokuratura organlaridagi mavjud kamchiliklardan haqiqatan ham to‘g‘ri, tegishli xulosa chiqardik. Parlament so‘rovi amaliyoti yo‘lga qo‘yilganidan xursand bo‘ldik. Biz bilmagan xato-kamchiliklarimiz ochiq-oydin ko‘rsatib berildi. Shular asosida tegishli chora-tadbirlar belgilab oldik. Bundan keyin bularni kuchaytirish choralarini ko‘ramiz”, deydi Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari.
Ma’lumot o‘rnida, Jinoyat kodeksining 235-moddasiga ko‘ra:
Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash, ya’ni ma’muriy qamoqqa olingan shaxsga, shuningdek gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga, mahkumga, guvohga, jabrlanuvchiga, jinoyat protsessining boshqa ishtirokchisiga yoxud ularning yaqin qarindoshlariga ulardan yoki boshqa uchinchi shaxsdan biror-bir axborot olish, jinoyat sodir etganligiga iqrorlik ko‘rsatuvi olish maqsadida, ularni sodir etilgan qilmish uchun o‘zboshimchalik bilan jazolash yoxud biror-bir harakatni sodir etishga majburlash maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organning yoki boshqa davlat organining xodimi tomonidan yoxud uning dalolatchiligida yoki xabardorligida yoxud indamay bergan roziligi bilan boshqa shaxslar tomonidan qo‘rqitish, urish, do‘pposlash, qiynash, azob berish yo‘li bilan yoki qonunga xilof boshqa harakatlar vositasida sodir etilgan qonunga xilof ruhiy, psixologik, jismoniy bosim o‘tkazish yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazish, — muayyan huquqdan mahrum etib, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha harakatlar:
a) hayot va sog‘liq uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlikni qo‘llagan holda yoxud shunday zo‘rlikni qo‘llash tahdidi bilan;
b) milliy, irqiy, diniy yoki ijtimoiy kamsitish zamiriga asoslangan har qanday sabab bo‘yicha;
v) bir guruh shaxslar tomonidan;
g) takroran;
d) keksa shaxsga yoki nochor ahvoldagi shaxsga, voyaga yetmagan shaxsga yoxud homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan ayolga nisbatan;
ye) ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan;
j) hayotga va sog‘liqqa zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ashyolar qo‘llanilib;
z) dalillarni soxtalashtirish (qalbakilashtirish) maqsadida sodir etilgan bo‘lsa, — muayyan huquqdan mahrum etib, besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar badanga og‘ir shikast yetkazilishiga yoxud boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, — muayyan huquqdan mahrum etib, yetti yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.