O‘zbekistonda Qiynoqning oldini olish qo‘mitasi tashkil etiladi. Foyda bo‘larmikin?

Jamiyat

image

O‘zbekistonda Qiynoqning oldini olish qo‘mitasi tashkil etiladi. Ushbu taklif O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan ilgari surilayotgan “Tezkor qidiruv, tergov va jazoni ijro etish faoliyatida qiynoqning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori loyihasida bildirilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari Abduxalim Xolmaxmatov bugun, 21 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining sakkizinchi yalpi majlisida ma’lum qilgan. 

Yalpi majlisda qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etilishi holati yuzasidan Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuraturaga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi. 

Unda so‘zga chiqqan Xolmamatovning qayd etishicha, o‘tgan 9 oy davomida prokuratura organlariga huquq-tartibot idoralari xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari haqida jami 2 323 ta ariza va xabarlar kelib tushgan. Shundan 242 tasi, ya’ni 10 foizdan ko‘prog‘i qiynash, qo‘rqitish va boshqa tazyiqlar qilingani haqidagi murojaatlarni tashkil qilgan. 

“Shu yilning o‘tgan davri mobaynida 11 nafar ichki ishlar xodimlari qiynoqqa solish bilan bog‘liq jinoyatlari uchun ayblanib, ish sudga oshirilgan. Bosh prokuratura boshqa tegishli idoralar bilan birgalikda qo‘shma qaror qabul qilib, shaxsning huquqini cheklaydigan protsessual majburlov choralari – ushlab turish, qamoqqa olish, uy qamog‘i, lavozimdan chetlatish kabi choralarni qo‘llash holatlarini yangi elektron hisobga olish tizimiga kiritib borish majburiyligi belgilandi. Endilikda shaxsga qo‘llanilgan ushlab turish chorasi tizimga kiritilmagan taqdirda, tergov hibsxonasi yoki vaqtincha ushlab turish hibsxonasiga qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi”, deb va’da qiladi Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari. 

Shu kabi jinoyatlarga oid ariza, xabar va boshqa ma’lumotlarni ham yagona elektron tizim hisobini yuritish imkonini beruvchi dastur yaratilib, barcha idoralarga joriy etish choralari ko‘rilmoqda. 

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 10 avgustda imzolagan “Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Prezident Administratsiyasiga 4 ta qonun, bitta farmon loyihasi kiritilgan. 

Alohida qayd etish kerakki, Xolmaxmatov ichki ishlar idoralaridagi qiynoqlar haqida gapirib, prokuraturada bu boradagi vaziyat qandayligiga to‘xtalmadi.


Maqola muallifi

Teglar

Yalpi majlis Senat parlament so'rovi Abduxalim Xolmaxmatov

Baholaganlar

92

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing