To‘qayev parlamentni bir palatali qilish taklifini izohladi

Olam

image

Avvalroq Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev xalqiga qilgan murojaatida mamlakat parlamentini bir palatali qilish va Senatni tugatish taklifi bilan chiqqani haqida xabar berilgandi. Qozog‘iston Prezidenti mazkur taklifi yuzasidan ilk bor izoh berdi. Bu haqda u bugun, 11 sentyabr kuni “Tinchlik va kelajak huquq orqali” nomli xalqaro konstitutsiyaviy adolat forumida so‘z ochdi. 

Qayd etilishicha, Prezident forum ishtirokchilari bilan uchrashgan. Unda Venetsiya komissiyasi prezidenti Kler Bazi Malori, BAA Federal oliy sudi raisi Muhammad Hamad Muhammad al-Badi al-Zaxriy, Afrika konstitutsiyaviy yurisdiksiya organlari konferensiyasi raisi Lyuk Malaba, Mo‘g‘uliston Konstitutsiyaviy sudi raisi Bayasgalan Gungaa qatnashgan.

Qosim-Jomart To‘qayev ishtirokchilarga Qozog‘iston xalqiga yo‘llagan murojaatining mazmuni haqida gapirib bergan.

“Unda bizning modernizatsiya, innovatsiyalar, barqaror rivojlanish, Qozog‘istonning global maydondagi pozitsiyasini mustahkamlash va xalqaro hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni ilgari surish borasidagi qat’iyligimiz aks etgan. Men uchun bu ustuvor yo‘nalishlarning xorijiy hamkorlarimiz tomonidan aniq tushunilishi juda muhim. Asosiy maqsad – Qozog‘istonni texnologik jihatdan ilg‘or davlatga aylantirishdir. Shu sababli, sun’iy intellektdan keng foydalanish va to‘liq raqamlashtirish yangi milliy g‘oya bo‘lib qoldi”, deydi u.

Qozog‘iston yetakchisi parlament tizimini isloh qilish yuzasidan taklifini alohida izohlagan.

“Men ochiq gapiraman. Islohotning mohiyati siyosiy tizimimizning institutsional bazasini yanada mustahkamlashdan iborat. Parlamentar respublikani joriy etish masalasi kun tartibida emas. Bizning asosiy modelimizda “Kuchli prezident – ta’sirchan parlament – hisobdor hukumat” avvalgidek saqlanib qoladi.

Milliy referendum o‘tkazish taklifi ham ushbu prinsipning uzluksizligini yana bir bor ko‘rsatmoqda. Mamlakat kelajagiga taalluqli masalalarda faqat umumiy qarorlar qabul qilishimiz kerak. Shu bois men doimo siyosiy rejalarimni oldindan e’lon qilaman. Bu avvalgi yillardagi islohotlarga ham, AES qurilishi bo‘yicha referendumga ham taalluqli edi”, deydi Prezident.

O‘z navbatida, Venetsiya komissiyasi prezidenti Kler Bazi Malori Qozog‘istonning Yevropa Kengashining muhim hamkori sifatida turli konvensiyalarda faol ishtirok etishini va qonun ustuvorligini kuchaytirishga qaratilgan samarali institutsional islohotlar o‘tkazayotganini qayd etgan.

Yakunda To‘qayev Qozog‘iston konstitutsiyaviy nazorat organlari o‘rtasida hamkorlik davom etishiga umid bildirgan va forum ishiga muvaffaqiyat tilagan.

Ma’lumot uchun, Qozog‘iston Senati mamlakatning har bir viloyatidan, shuningdek, respublika ahamiyatiga molik shaharlar va poytaxtdan ikki nafardan a’zodan iborat bo‘lib, 10 nafar a’zo Prezident tomonidan, besh nafari Qozog‘iston xalqi Assambleyasining taklifiga ko‘ra tayinlanadi. Senat a’zolarining yarmi har uch yilda qayta saylanadi, umumiy vakolat muddati olti yil.

Senat raisi prezidentdan keyingi ikkinchi shaxs – agar davlat rahbari o‘z vakolatlarini amalga oshira olmasa, vazifalar parlament yuqori palatasi rahbariga o‘tadi. 2019 yilda prezident Nursulton Nazarboyev iste’foga chiqqanidan keyin davlat rahbarining vakolatlari shu tariqa To‘qayevga o‘tgan. Hozirda Senat raisi Maulen Ashimbayev hisoblanadi.

Qozog‘istonda parlamentning quyi palatasi – Majlis ham bor. Majlisda 98 deputat bor, ulardan 60 nafari partiya ro‘yxati bo‘yicha, yana 29 nafari bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha umumiy yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadi. Majlis raisi – Erlan Koshanov.

Eslatib o‘tamiz, To‘qayev respublikada ikki palatali parlamentdan bir palatali parlamentga o‘tish uchun parlament islohotini o‘tkazishni taklif qilgani haqida xabar berilgandi. Bu masala 2027 yilda bo‘lib o‘tishi mumkin bo‘lgan konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha referendumga qo‘yilishi kerak. U bu masalani hal qilish uchun referendum o‘tkazilishini qo‘shimcha qilgan.

To‘qayev agar islohot tasdiqlansa, bunday parlament partiya ro‘yxati bo‘yicha saylanishi kerakligini ta’kidlagan. U islohotlar jarayoni davom etayotganini qo‘shimcha qilib, shuningdek, o‘zi ham avvalroq parlament Senati (yuqori palatasi) raisi bo‘lganini va bunday o‘zgarishlar haqida gapirish unga oson emasligini eslatgan.


Maqola muallifi

Teglar

Senat parlament Qosim-Jomart To'qaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing