Namoyishlarga qaramay Gruziya parlamenti munozarali qonunni qabul qildi (video)

Olam

image

Gruziya parlamenti “Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini uchinchi va yakuniy o‘qishda ma’qulladi. Bu haqda “Rustavi 2” telekanali xabar berdi.

Qonunni parlamentning 84 a’zosi qo‘llab-quvvatladi, 30 nafari esa qarshi chiqdi.

Bugun, 14 may kuni parlament yig‘ilishida hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi a’zolari va muxolifat deputatlari o‘rtasida mushtlashuv kelib chiqqan. Mojaro Birlashgan Milliy Harakat raisi Levan Xabeishvilining chiqishi vaqtida boshlangan. “Gruzin orzusi” deputati Dito Samxaradze raqibiga bir necha haqoratomuz iboralar aytgan. Oqibatda 20 ga yaqin deputat ishtirok etgan mushtlashuv boshlandi.

Endi "xorijiy agentlar" to‘g‘risidagi qonun imzolash uchun Gruziya Prezidentiga yuboriladi. Prezident Salome Zurabishvili veto qo‘yishini aytgan, ammo "Gruziya orzusi" partiyasi vetoni bekor qilish uchun yetarli ovozga ega.

Bugun tushdan keyin parlament binosi yonida “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonun muhokama qilinayotgan paytda minglab odamlar ishtirokida norozilik mitingi bo‘lib o‘tdi.

Qayd etish joizki, “Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi bor hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi tomonidan taqdim etilyapti. Partiya 2023 yil mart oyida keng tarqalgan noroziliklardan keyin uni qaytarib olgan. Muxolifatga ko‘ra, qonun loyihasi "xorijiy agentlar" haqidagi Rossiya qonunchiligini takrorlaydi.

Qonun loyihasining muhokamasi Gruziyada deyarli bir oydan beri davom etayotgan ommaviy norozilik namoyishlari bilan kechmoqda.

Qonun loyihasida “xorijiy agentlar” reestrini yaratish ko‘zda tutilgan, unda 20 foizdan ortiq xorijdan moliyalashtiriladigan barcha notijorat yuridik shaxslar va ommaviy axborot vositalari ko‘rsatiladi. Ular yillik moliyaviy hisobotni e’lon qilishlari kerak bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Gruziya xorijiy agentlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing